Donald Tramp respublikachilar oraliq saylovlarda mag‘lubiyatga uchrasa, impichment eʼlon qilinishi mumkinligini aytdi
Avgust 23, 2026. 10:30 • 2 daq
• 188
VASHINGTON, 23-avgust. /“Dunyo” AA/. AQSH Prezidenti Donald Tramp, agar respublikachilar 3-noyabr kuni bo‘lib o‘tadigan oraliq saylovlarda Kongress ustidan nazoratni yo‘qotsa, demokratlar unga impichment eʼlon qilishi mumkinligini maʼlum qildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
“Ular menga impichment eʼlon qilmoqchi. Nima uchun bunday qilayotganini o‘zlari ham bilishmaydi”, – dedi Donald Tramp Janubiy Karolinadagi tarafdorlari bilan uchrashuvda.
Eslatib o‘tamiz, Donald Tramp 2024-yil noyabrdagi saylovlarda g‘alaba qozonib, ikkinchi muddatga Oq uyga qaytgan va 2025-yil 20-yanvarda o‘z lavozimini bajarishga kirishgan edi. Uning amaldagi vakolat muddati 2029-yil 20-yanvarda yakunlanishi kerak.
Bu bayonot maʼmuriyatning tashqi siyosatdagi muammolari fonida yangradi. Eron bilan urush boshi berk ko‘chaga kirib qolgan, Ukraina va G‘azo bo‘yicha muzokaralar samarasiz yakunlanmoqda, benzin narxining oshishi va inflyatsiya esa prezident reytingiga bosim o‘tkazmoqda. “Reuters/Ipsos” so‘rovnomasiga ko‘ra, amerikaliklarning 33 foizi uning faoliyatini maʼqullaydi.
Agar respublikachilar Kongressning bir yoki har ikkala palatasi ustidan nazoratni yo‘qotsa, Donald Trampga prezidentlik muddatining so‘nggi ikki yilida o‘z kun tartibini ilgari surish qiyinlashadi.
Shu bilan birga, amaldagi prezident bir necha bor uchinchi muddatga qolish ehtimolini tilga olgan. AQSH Konstitutsiyasiga kiritilgan 22-tuzatish bir kishining ikki martadan ortiq prezident etib saylanishini taqiqlashiga qaramay, so‘nggi kunlarda u bu imkoniyatni yana ochiq qoldirgan.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi