Donald Tramp Hormuz bo‘g‘ozi atrofidagi bahslar fonida Eron bilan muzokaralar yo‘qligini maʼlum qildi
Avgust 19, 2026. 14:00 • 2 daq
• 154
VASHINGTON–TEHRON, 19-avgust. /“Dunyo” AA/. AQSh Prezidenti Donald Tramp Eron bilan hech qanday muzokara olib borilmayotgani va rejalashtirilmaganini maʼlum qildi, Tehron esa Hormuz bo‘g‘ozi kemachilik uchun yopiqligicha qolayotganini taʼkidlamoqda, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri “Reuters” agentligiga tayanib.
“Eron Islom Respublikasi bilan hech qanday muzokara yoki suhbatlar olib borilmayapti va rejalashtirilmagan”, – deb yozdi Donald Tramp “Truth Social” ijtimoiy tarmog‘ida. Uning so‘zlariga ko‘ra, Amerika harbiy-dengiz blokadasi saqlanib qolmoqda, bo‘g‘oz esa ochiq va undagi dengiz minalari zararsizlantirilgan yoki yo‘q qilingan.
Eronning bosh muzokarachisi Muhammad Boqir Qolibofning aytishicha, Vashington vaqtinchalik kelishuv shartlarini, jumladan, blokadani to‘xtatish va neft sanksiyalarini bekor qilishni bajarmaguncha bo‘g‘oz yopiqligicha qoladi.
Diplomatik boshi berk ko‘cha Eronning yadroviy dasturi va AQSh sanksiyalari bo‘yicha kelishuvga erishish uchun berilgan 60 kunlik muddat tugaganidan so‘ng yuzaga keldi.
Bundan avval AQShning maxsus elchisi Jared Kushner muzokaralar davom etayotgani va yanada faollashganini aytgan edi. Tehron ham muloqotga tayyorligini bildirmoqda, biroq o‘zi taslim bo‘lish deb hisoblagan shartlar asosidagi muzokaralarni rad etmoqda.
Shu bilan birga, BAA Erondan uchirilgan va amirliklarning baholashicha, dengiz transporti harakatiga yo‘naltirilgan ikkita ballistik raketa haqida xabar berdi. Ikkalasi ham dengizga qulab tushgan.
Bo‘g‘oz orqali kemalar oqimi o‘ta past darajada qolmoqda. Dastlabki maʼlumotlarga ko‘ra, 17 avgust kuni uni sanoqli kemalargina kesib o‘tgan. AQSh maʼmuriyatidagi “Reuters” manbasining taʼkidlashicha, Vashington yaqin hafta va oylar ichida Tehronga nisbatan iqtisodiy bosimni kuchaytirish, yangi sanksiyalar va boshqa choralarni qo‘llashni istisno etmayapti.
“Reuters” agentligi surati
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi