Qirg‘izistonliklar uchun O‘zbekiston OTMlarida o‘qishga 20 ta grant o‘rni ajratildi
Avgust 18, 2026. 18:57 • 2 daq
• 113
BISHKEK, 18-avgust. /“Dunyo” AA/. Qirg‘iziston fuqarolari uchun 2026/27-o‘quv yilida O‘zbekiston oliy taʼlim muassasalarida davlat granti asosida o‘qishga 20 ta kvota ajratildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri “Kabar” milliy axborot agentligi maʼlumotiga tayanib.
Ajratilgan o‘rinlarga nomzodlar saralanishi O‘sh davlat universiteti tomonidan o‘tkazadi.
Qirg‘izistonlik abituriyentlar uchun bakalavriatning quyidagi yo‘nalishlari mavjud: maktabgacha taʼlim – to‘rtta o‘rin, kompyuter injiniringi – to‘rtta, agronomiya – to‘rtta, suv xo‘jaligi va melioratsiya – ikkita, ekologiya va atrof-muhit muhofazasi – ikkita, qurilish injiniringi – to‘rtta.
O‘zbekiston oliy o‘quv yurtlarida taʼlim o‘zbek va rus tillarida olib boriladi. O‘zbek tilida o‘qitish lotin grafikasiga asoslangan alifboda olib borilgani sababli, nomzodlarning lotin alifbosini bilishi ham inobatga olinadi.
Nomzodlar tanlangan taʼlim tilini bilishini namoyish etishi va ikkita mutaxassislik fanidan sinovdan o‘tishi lozim. Imtihon besh ballik tizimda baholanadi.
Hujjatlar 2026-yilning 22-avgustiga qadar qabul qilinadi. Kirish sinovlari 24-avgust kuni soat 08:00 da O‘sh davlat universitetining bosh o‘quv binosida bo‘lib o‘tadi.
Tanlovda ishtirok etish uchun anketa, umumiy o‘rta yoki o‘rta maxsus, kasb-hunar taʼlimi to‘g‘risidagi diplom yoki attestat nusxasi, pasport nusxasi, rus tilidagi belgilangan shakldagi tibbiy maʼlumotnoma va fotosurat taqdim etish zarur.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi