Belgiyada qurg‘oqchilik sababli suvdan foydalanishga cheklovlar joriy etildi

Avgust 18, 2026. 17:30 • 3 daq

78
Belgiyada qurg‘oqchilik sababli suvdan foydalanishga cheklovlar joriy etildi

BRYUSSEL, 18-avgust. /“Dunyo” AA/. Belgiyaning Valloniya mintaqasidagi 15 ta kommunada kuchli qurg‘oqchilik va yer osti suvlari sathi rekord darajada pasayib ketgani sababli suvdan foydalanishga cheklovlar joriy etildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri “The Brussels Times” yangiliklar portaliga tayanib.

Aholiga ekinlarni sug‘orish, basseyn va boshqa suv havzalarini to‘ldirish uchun suv ishlatish taqiqlanmoqda. Cheklovlar daryolarning tez sayozlashib borayotgani va uzoq davom etayotgan anomal jazirama tufayli joriy qilingan.

Maas, Shelda va Sambra kabi yirik daryolar shlyuzlar yopilgani tufayli kemalar qatnovi uchun minimal suv sathini saqlab qolayotgan bo‘lsa-da, bu kemalar harakatida kechikishlarga sabab bo‘lmoqda. Kichikroq daryolar ayrim joylarda allaqachon qurib bo‘lgan, o‘nlab qayiq stansiyalari esa suv tanqisligi tufayli o‘z faoliyatini to‘xtatgan.

Belgiya Qirollik meteorologiya instituti maʼlum qilishicha, hozirgi qurg‘oqchilik 1970-yilda kuzatuvlar boshlanganidan buyon kuzatilgan eng kuchli ikkinchi qurg‘oqchilik bo‘lib, yaqin kunlarda yangi rekord o‘rnatishi mumkin.

Iyul oyida o‘rtacha yog‘ingarchilik miqdori 100 mm atrofida bo‘lishiga qaramay, bor-yo‘g‘i 10 mm dan sal ko‘proq yog‘in tushgan, iyul va avgust oylarida esa kunduzgi harorat ko‘pincha 35–36 darajadan oshib ketgan.

Ekstremal ob-havo hodisalari Yevropa uchun tobora jiddiy moliyaviy muammoga aylanib bormoqda. Yevropa atrof-muhit agentligi maʼlumotlariga ko‘ra, 1980–2024-yillarda iqlim va ob-havo bilan bog‘liq ofatlar Yevropa Ittifoqiga taxminan 822 milliard yevro miqdorida zarar yetkazgan, bu summaning qariyb chorak qismi so‘nggi to‘rt yil hissasiga to‘g‘ri keladi.

Shu bilan birga, Yevropa Ittifoqidagi iqlim bilan bog‘liq zararning atigi to‘rtdan bir qismi sug‘urtalangan. Mutaxassislar qurg‘oqchilik, suv toshqinlari va o‘rmon yong‘inlarining tez-tez sodir bo‘lishi davlat byudjetlariga tushadigan yuklamani oshirishidan ogohlantirmoqda.

Rekord darajadagi jazirama va uzoq davom etgan qurg‘oqchilik fonida Ispaniya, Fransiya, Portugaliya, Gretsiya va boshqa mamlakatlarda o‘rmon yong‘inlari davom etmoqda. Yevrokomissiyaning xabar berishicha, 17-avgust holatiga Yevropada yil boshidan buyon 600,5 ming gektarga yaqin maydon yonib ketgan, bu so‘nggi 20 yildagi o‘rtacha ko‘rsatkichdan ancha yuqoridir.

So‘nggi yong‘inlar insonlar o‘limiga ham sabab bo‘ldi: Gretsiyaning Salamin orolida ikki kishi, Ispaniyada esa yong‘inni o‘chirish vaqtida bir harbiy xizmatchi halok bo‘ldi. Ayni paytda butun Yevropa bo‘ylab yong‘inlar oqibatida halok bo‘lganlarning aniq umumiy soni hali aniqlanmagan. Chunki turli mamlakatlarning maʼlumotlari turlicha davriylikda yangilanadi.

Eslatib o‘tamiz, G‘arbiy Yevropa kuzatuvlar tarixidagi eng issiq iyun–iyul davrini boshdan kechirdi. Ekstremal jazirama va qurg‘oqchilik esa keng ko‘lamli yong‘inlar hamda daryolar sathining pasayishiga olib kelgan omillardan biri bo‘ldi. Iyun oyining ikkinchi yarmida G‘arbiy Yevropani qamrab olgan jazirama kamida 12 ming kishining bevaqt o‘limiga sabab bo‘lgan.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish