Logo

Milanda “O‘rik gullaganda” ko‘rgazmasi doirasida o‘zbek milliy merosi namoyish qilinmoqda

Aprel 22, 2026. 13:00 • 2 daq

69

MILAN, 22-aprel. /“Dunyo” AA/. Milan shahrida bo‘lib o‘tayotgan dizayn haftaligida O‘zbekiston madaniyat va sanʼatni rivojlantirish jamg‘armasi tomonidan “O‘rik gullaganda” nomli ko‘rgazma tashkil etildi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Mazkur ko‘rgazma loyihasi arxitektor Kulapat Yantrasast badiiy rahbarligi ostida amalga oshirildi. Bu ko‘rgazma 20–26-aprel kunlari Milan shahridagi mashhur “Palazzo Citterio” bog‘ida o‘tkaziladi.

Ko‘rgazma konsepsiyasi shoir Hamid Olimjon ijodidan ilhomlangan. Uning asosiy maqsadi – O‘zbekistonning boy madaniy merosini xalqaro miqyosda namoyon etish, madaniy aloqalarni mustahkamlash va dizayn hamda hunarmandchilik sohasini rivojlantirishdan iborat.

Tadbirlarda Qoraqalpog‘iston va Orol dengizi mintaqasidagi madaniy va ekologik masalalarga alohida eʼtibor qaratilgan. Ko‘rgazma orqali tiklanish, barqaror rivojlanish va anʼanalar davomiyligi g‘oyalari yoritiladi.

Ekspozitsiya saroy hududida bosqichma-bosqich joylashtirilgan: kirish qismi, ichki hovli, galereya zallari va bog‘. Har bir bo‘limda hududning o‘ziga xos madaniy va tabiiy xususiyatlari aks ettirilgan. Bu yerda to‘qimachilik namunalari, hunarmandchilik ishlari, floristik installyatsiyalar va arxitektura yechimlari namoyish etilgan.

Ko‘rgazmaning muhim qismi Orol dengiziga bag‘ishlangan bo‘lib, u o‘tmish, bugun va kelajak nuqtai nazaridan yoritilgan. Unda turli badiiy va tadqiqot materiallari, maxsus tayyorlangan film hamda “Aral School” taʼlim dasturi natijalari taqdim etilgan.

Ko‘rgazmada xalqaro dizaynerlar va o‘zbek hunarmandlari hamkorligiga katta ahamiyat berilgan. Natijada, milliy anʼanalarni zamonaviy uslubda ifoda etuvchi noyob dizayn ishlari yaratilgan.

“Palazzo Citterio” bog‘ida o‘tov shaklidagi maxsus installyatsiya qurilgan. 26-aprelga qadar bu yerda xalqaro ekspertlar, ommaviy axborot vositalari va soha vakillari ishtirokida leksiyalar, munozaralar, master-klasslar va turli madaniy tadbirlar o‘tkazilishi rejalashtirilgan.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish