O‘zbekiston rasman Xalqaro tarozi va o‘lchovlar byurosining to‘laqonli aʼzosi bo‘ldi
Aprel 15, 2026. 19:45 • 2 daq
• 85
TOSHKENT, 15-aprel. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston rasman Xalqaro tarozi va o‘lchovlar byurosi(BIPM)ning to‘laqonli aʼzosi sifatida eʼtirof etildi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri.
2025-yil 27-noyabrda O‘zbekiston Prezidenti tomonidan “Xalqaro metrik konvensiyasiga O‘zbekiston Respublikasining qo‘shilishi to‘g‘risida”gi Qonun imzolangan edi. Ushbu hujjat mamlakatimizning xalqaro metrologiya tizimiga integratsiyalashuvi uchun mustahkam huquqiy asos yaratdi.
Mazkur qadam orqali O‘zbekiston 1875-yilda tashkil etilgan nufuzli Xalqaro metrik konvensiyaning to‘laqonli ishtirokchisiga aylanish imkoniyatini qo‘lga kiritdi.
2026-yil 13-aprel kuni ushbu jarayon mantiqiy yakuniga yetdi – O‘zbekiston rasman Xalqaro tarozi va o‘lchovlar byurosi(BIPM)ning to‘laqonli aʼzosi sifatida eʼtirof etildi. Bu voqea mamlakat metrologiya sohasi uchun beqiyos ahamiyat kasb etadi.
Mazkur aʼzolik O‘zbekistonga xalqaro o‘lchov standartlarini shakllantirish jarayonlarida ishtirok etish, BIPM va uning konsultativ qo‘mitalari faoliyatida to‘laqonli qatnashish imkonini beradi. Shu bilan birga, milliy mutaxassislarning xalqaro darajada malakasini oshirish, o‘lchashlar birligini zamonaviy talablar asosida taʼminlash imkoniyatlari kengayadi.
Bu esa, o‘z navbatida, mahsulot va xizmatlarning xalqaro bozorda raqobatbardoshligini oshirish, investorlar ishonchini mustahkamlash, eksport salohiyatini kengaytirish hamda xalqaro reyting va indekslardagi ko‘rsatkichlarni yaxshilashga xizmat qiladi.
Shuningdek, O‘zbekiston BIPMga aʼzo davlat sifatida tashkilot yig‘ilishlarida ishtirok etish, ovoz berish va saylovlarda o‘z nomzodlarini ilgari surish huquqiga ega bo‘ldi.
Konvensiyaga qo‘shilish mamlakatimizda aniq, ishonchli va xalqaro standartlarga javob beradigan o‘lchash tizimini shakllantirishga zamin yaratadi. Bu esa xalqaro hamkorlar, investorlar va tashkilotlarning O‘zbekiston mahsulotlari, xizmatlari va sertifikatlariga bo‘lgan ishonchini yanada oshiradi.
2026-yil 13-aprel sanasi O‘zbekiston metrologiyasi tarixiga alohida ahamiyatga ega kun sifatida belgilandi. Bu nafaqat muhim voqea, balki mamlakatimizning ilmiy-texnik taraqqiyoti va xalqaro maydondagi nufuzini mustahkamlash yo‘lidagi salmoqli qadamdir.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi