Logo

“World News Pakistan” gazetasi: Orol dengizining qurigan hududida yangi ekotizim shakllanmoqda

Aprel 22, 2026. 11:55 • 2 daq

126
“World News Pakistan” gazetasi: Orol dengizining qurigan hududida yangi ekotizim shakllanmoqda

ISLOMOBOD, 22-aprel. /“Dunyo” AA/. Pokistonning “World News Pakistan” gazetasi rasmiy saytida Orol dengizi mintaqasida kuzatilayotgan ekologik muammolar va ularni oldini olish bo‘yicha O‘zbekiston tomonidan ko‘rilayotgan chora-tadbirlarga bag‘ishlangan maqola eʼlon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Nashr avvalida taʼkidlanishicha, O‘zbekiston Fanlar akademiyasining Zoologiya instituti tomonidan olib borilgan tadqiqotlarga ko‘ra, Orol dengizining qurib qolgan tubida yangi cho‘l ekotizimi shakllangan bo‘lib, u hozirda Orolqum cho‘li deb atalmoqda.

“Bir paytlar Markaziy Osiyodagi eng yirik ko‘l hisoblangan Orol dengizi asrning ikkinchi yarmida tez surʼatlarda chekina boshladi. Uning suvlari chekinishi natijasida 60 ming kvadrat kilometrdan ortiq hududni egallagan ulkan cho‘l hosil bo‘ldi va bu hudud mintaqadagi inson faoliyati natijasida yuzaga kelgan eng yirik cho‘l ekotizimlaridan biri sifatida tan olinmoqda”, – deyilgan maqolada.

Olimlarning taʼkidlashicha, ushbu o‘zgarish mahalliy iqlim sharoitlari, tuproq tarkibi va bioxilmaxillikka sezilarli taʼsir ko‘rsatayapti. Suvli hududlarga moslashgan turlar keskin kamaygan, biroq yangi ekologik jamoalar, ayniqsa qushlar populyatsiyasi, Ustyurt platosi va Qizilqum cho‘li oralig‘ida shakllanayotgan yangi cho‘l muhitiga moslashgan.

Tadqiqot doirasida olimlar 2025-yil oktyabr–noyabr oylarida Qoraqalpog‘istonning Mo‘ynoq tumanida dala ekspeditsiyalarini amalga oshirdi. ArcGIS asosidagi to‘rli xaritalash usulidan foydalanib, 68 ta hujayra bo‘yicha ornitologik kuzatuvlar o‘tkazildi. Jumladan, 140 kilometrni qamrab olgan 56 ta tranzekt bo‘yicha kuzatuvlar va 12 ta nuqtaviy hisoblash stansiyasi tashkil etildi.

Tadqiqot natijasida, Orolqum cho‘lida oltita asosiy biotop aniqlandi: sho‘r, qumli, toshli va shag‘alli, loyli hamda tepalik cho‘l zonalari, qoldiq suv havzalari va drenaj tizimlari orqali shakllangan sunʼiy suv omborlari.

Qayd etilishicha, ushbu hududlarda 12 ta turkum va 26 ta oilaga mansub jami 91 turdagi qushlar qayd etilgan. Ulardan 13 tasi O‘zbekiston Qizil kitobiga kiritilgan.

Maqola yakunida yozilishicha, mutaxassislar olib borilgan tadqiqotlar natijalari Orol dengizi mintaqasida muhim yashash muhitlarini aniqlash va maqsadli muhofaza chora-tadbirlarini ishlab chiqish uchun muhim ilmiy asos bo‘lib xizmat qilishini taʼkidlamoqda.

Default Avatar

Material muallifi

Xo‘jabek Nematilloxonov

dunyo@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish