Og‘ir jinoyatlar sodir etgani uchun qidiruvda bo‘lgan fuqaro Misrdan O‘zbekistonga ekstraditsiya qilindi

Iyul 24, 2026. 15:00 • 2 daq

116
Og‘ir jinoyatlar sodir etgani uchun qidiruvda bo‘lgan fuqaro Misrdan O‘zbekistonga ekstraditsiya qilindi

QOHIRA, 24-iyul. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston huquqni muhofaza qilish idoralarining muvofiqlashtirilgan saʼy-harakatlari va Interpol kanallari orqali yo‘lga qo‘yilgan samarali xalqaro hamkorlik natijasida uzoq vaqt sud organlaridan yashirinib yurgan fuqaro S.G. Misrdan O‘zbekistonga ekstraditsiya qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Ekstraditsiya jarayonining barcha bosqichlarida xorijiy sheriklar bilan hamkorlikni muvofiqlashtirish Interpolning O‘zbekistondagi Milliy markaziy byurosi tomonidan amalga oshirildi. Byuro xodimlarining izchil saʼy-harakatlari tufayli Interpolning Qohiradagi Milliy markaziy byurosi bilan tezkor axborot almashinuvi taʼminlandi. Xalqaro qidiruv doimiy nazorat qilib borilib, O‘zbekiston va Misr vakolatli idoralarining o‘zaro hamkorligi muvofiqlashtirildi.

Qidiruvdagi shaxs tovlamachilik va bir qator boshqa og‘ir jinoyatlarni sodir etgani uchun O‘zbekiston huquqni muhofaza qilish idoralari tashabbusi bilan xalqaro qidiruvga eʼlon qilingan edi. Uni qo‘lga olish va so‘ngra ekstraditsiya qilish maqsadida xalqaro huquqiy tartib-taomillarga muvofiq zarur materiallar belgilangan muddatlarda Misrning vakolatli idoralariga yuborilgan.

Interpol yo‘nalishi bo‘yicha o‘tkazilgan tadbirlar davomida qidiruvdagi shaxsning transchegaraviy harakatlanish yo‘nalishlari aniqlanib, uning Misr hududida ekani tasdiqlandi. Interpol kanallari orqali olingan maʼlumotlar Misr vakolatli idoralariga uni qo‘lga olish imkonini berdi. Ekstraditsiya to‘g‘risidagi so‘rov Misr vakolatli idoralari tomonidan ko‘rib chiqilgach, qidiruvdagi shaxsni O‘zbekistonga topshirish haqida qaror qabul qilindi.

Xalqaro huquqda nazarda tutilgan barcha tartib-taomillar yakunlangach, qidiruvdagi shaxs Interpolning O‘zbekistondagi Milliy markaziy byurosi xodimlariga topshirildi va mamlakatimiz qonunchiligiga muvofiq jinoiy javobgarlikka tortish uchun yurtimizga olib kelindi.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish