Yaman husiylari AQSH va Eron o‘rtasidagi yangi zarbalar fonida Saudiya tankerlariga hujum qildi
Iyul 23, 2026. 16:00 • 3 daq
• 175
VASHINGTON-TEHRON, 23-iyul. /“Dunyo” AA/. AQSH va Eron o‘rtasida davom etayotgan zarbalar almashinuvi fonida Yaman husiylari Qizil dengizda Saudiya Arabistonining ikki neft tankeriga hujum qilganini eʼlon qildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri “Reuters” agentligiga tayanib.
Husiylar harbiy vakili Yahyo Sarining maʼlum qilishicha, kemalar avvalroq eʼlon qilingan o‘tish taqiqini buzgani uchun ballistik va qanotli raketalar, uchuvchisiz uchoqlar bilan nishonga olingan. Uning so‘zlariga ko‘ra, belgilangan barcha nishonlarga bevosita zarbalar berilgani qayd etilgan.
Uning taʼkidlashicha, Saudiya Arabistoniga qarshi dengiz blokadasi doirasida husiylar 10 ga yaqin kemani yo‘nalishini o‘zgartirib, ortga qaytishga majbur qilgan. U Ar-Riyodning Yamanga qarshi har qanday harakati Saudiya Arabistoni hududiga yangi zarbalar berilishiga olib kelishi bilan tahdid qildi.
Saudiya Arabistonining “SPA” davlat agentligi “Encelia” tankerining Qizil dengizda hujumga uchraganini tasdiqladi. Natijada, uning old qismida yong‘in kelib chiqqan. Ekipajning barcha aʼzolari xavfsiz joyga ko‘chirilgan.
Husiylarning harakatlari fonida Qo‘shma Shtatlar Eronga navbatdagi zarbalar seriyasini yo‘lladi. AQSH Qurolli kuchlari Markaziy qo‘mondonligi Prezident Donald Trampning buyrug‘i bilan Eronning dengizda joylashgan vositalari, raketa va dron omborlari, qirg‘oq kuzatuv punktlari hamda havo hujumidan mudofaa tizimlari kabi harbiy obyektlariga hujum qilinganini maʼlum qildi. Bu zarbalar jangovar harakatlar qayta boshlanganidan so‘ng Amerika kuchlarining ketma-ket o‘n ikkinchi operatsiyasi bo‘ldi.
Eron Iordaniya, Quvayt va mintaqaning boshqa mamlakatlaridagi Amerika obyektlariga javob zarbalari berilgani haqida xabar qildi. Eron OAV maʼlumotlariga ko‘ra, raketa tizimlari, qurol-yarog‘ va yoqilg‘i omborlari, AQSHning Al-Adiriy, Ali as-Salim, Doha va Arifjon kabi harbiy bazalariga hujum qilingan.
Eron rasmiylari, AQSH zarbalari oqibatida mamlakat janubida ikki kishi halok bo‘lgani, yana bir necha kishi jarohat olganini bildirdi. Bundan tashqari, Islom inqilobi posbonlari korpusi Hurmuz bo‘g‘ozining janubiy qismida portlash yuz berganini maʼlum qildi: bitta neft tankeri yonib ketgan, yana ikkita kema minalashtirilgan hududdan o‘tishga uringach, ortiga qaytgan. Tehron bo‘g‘oz Eron nazorati ostida va yopiq ekanini maʼlum qildi.
AQSH ham o‘z harbiy xizmatchilari orasida yo‘qotishlar borligini xabar qildi. AQSH harbiylariga ko‘ra, Eron bilan urush davomida 18 nafar harbiy xizmatchi halok bo‘lgan, 450 dan ortig‘i yaralangan. Donald Tramp Iordaniya va Iroqdagi hujumlar oqibatida halok bo‘lgan to‘rt nafar amerikalik harbiyning jasadini vataniga qaytarish marosimida ishtirok etdi.
Ayni paytda AQSH Kongressi Vakillar palatasi 2027-yilda Pentagonning harbiy ehtiyojlari uchun 1 trillion 150 milliard dollar ajratishni ko‘zda tutuvchi qonun loyihasini qabul qildi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi