Hindiston, Pokiston va Afg‘onistondagi suv toshqinlari 82 kishining hayotiga zomin bo‘ldi
Iyul 23, 2026. 19:00 • 2 daq
• 98
DEHLI-ISLOMOBOD-QOBUL, 23-iyul. /“Dunyo” AA/. Hindistonning shimoli-sharqi, Pokiston va Afg‘onistonda kuzatilgan kuchli yomg‘ir va suv toshqinlari oqibatida kamida 82 kishi halok bo‘ldi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
“Reuters” agentligining yozishicha, tabiiy ofat qishloq xo‘jaligi yerlari, infratuzilma va ijtimoiy soha obyektlariga katta zarar yetkazgan.
So‘nggi bir sutka ichida Hindistonning Assam shtatida suv toshqinlari qurbonlari soni kamida 10 kishini tashkil etdi. Rasmiylarga ko‘ra, bir hafta ichida halok bo‘lganlarning umumiy soni 36 nafarga yetgan. Shtat maʼmuriyati sodir bo‘lgan voqeani misli ko‘rilmagan vayronagarchilik deb atadi.
Assam tabiiy ofatlar oqibatlarini bartaraf etish boshqarmasining chorshanba kuni eʼlon qilgan maʼlumotiga ko‘ra, kuchli yog‘ingarchilik shtatning 11 okrugida 650 mingdan ortiq aholiga ziyon yetkazgan.
Assam hukumati hisobotida qayd etilishicha, suv toshqinlariga 18–20-iyul kunlari qo‘shni Nagalend shtatida yoqqan o‘ta kuchli yog‘ingarchilik asosiy sabab bo‘lgan va bu daryolarda suv sathining keskin ko‘tarilishiga olib kelgan.
Hududidan dunyoning eng yirik daryolaridan biri – Brahmaputra oqib o‘tadigan Assam deyarli har yili mussonlar davrida suv toshqinlaridan aziyat chekadi.
So‘nggi 72 soat ichida Afg‘onistonning shimoli-sharqidagi Nuriston va Pokistonning Xayber-Paxtunxva viloyatlarida yuz bergan suv toshqinlari oqibatida kamida 46 kishi halok bo‘ldi, yana 100 nafardan ortiq odam jarohatlandi. Bu haqda har ikki mamlakatning tabiiy ofatlar oqibatlarini bartaraf etish xizmatlari maʼlum qildi.
Mutaxassislarning taʼkidlashicha, Afg‘oniston va Pokiston issiqxona gazlarining global miqyosdagi chiqindilariga kam hissa qo‘shsa-da, iqlim o‘zgarishi oqibatlariga eng zaif mamlakatlar qatoriga kiradi. Kuchayib borayotgan suv toshqinlari, qurg‘oqchilik, muzliklarning erishi va suv tanqisligi millionlab aholi hayoti uchun xavf tug‘dirmoqda.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi