Donald Tramp Saudiya Arabistoni AQSH bilan yadroviy kelishuv tuzish uchun Isroilni tan olishi kerakligini aytdi
Iyul 24, 2026. 13:00 • 2 daq
• 123
VASHINGTON–AR-RIYOZ, 24-iyul. /“Dunyo” AA/. AQSH Prezidenti Donald Trampning maʼlum qilishicha, Saudiya Arabistoni bilan tinch atom sohasidagi hamkorlik to‘g‘risidagi kelishuv faqat Ar-Riyod “Ibrohim kelishuvlari”ga qo‘shilgan va Isroilni tan olgan taqdirdagina amalga oshiriladi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
“Fuqarolik yadro energetikasi bo‘yicha kelishuv to‘laligicha Saudiya Arabistonining “Ibrohim kelishuvlari”ga qo‘shilishiga bog‘liq”, – deb yozdi prezident “Truth Social” ijtimoiy tarmog‘ida. Shuningdek, Donald Tramp dastur faqat atom energiyasidan tinch maqsadlarda foydalanishni nazarda tutishini va yadroviy materiallarni boyitishga yo‘l qo‘ymasligini taʼkidladi.
“NBC News” telekanali xabariga ko‘ra, Oq uy matbuot kotibi Kerolayn Livitt Prezident bu pozitsiyani Saudiya Arabistoni rahbariyatiga bir necha bor yetkazganini qayd etdi. “U agar ular “Ibrohim kelishuvlari”ga qo‘shilmasa, hech qanday bitim bo‘lmasligini aytgan”, – deya maʼlum qildi matbuot kotibi.
Saudiya Arabistoni hozircha Donald Trampning bayonotiga izoh bermadi. Avvalroq Ar-Riyoz mustaqil Falastin davlati tuzilmas ekan, Isroilni tan olmasligini bir necha bor taʼkidlagan edi.
AQSH Energetika vazirligi maʼlumotlariga ko‘ra, kelishuv tinch atom sohasidagi hamkorlik shartnomasi va xavfsizlik kafolatlari bo‘yicha ikki tomonlama bitimni o‘z ichiga oladi. Idora bayonotida aytilishicha, ushbu hujjatlar fuqarolik yadro energetikasini rivojlantirish va yadro quroli tarqalishining oldini olishga qaratilgan ko‘p milliard dollarlik uzoq muddatli sheriklik uchun huquqiy asos yaratadi. Kelishuv imzolangach, AQSH Kongressiga ko‘rib chiqish uchun yuboriladi.
Atom energiyasi bo‘yicha xalqaro agentlik (MAGATE) Vashington va Ar-Riyozning kelishuv tuzish rejalaridan xabardorligini hamda uning amalga oshirilishi ustidan xalqaro nazoratni taʼminlashga tayyorligini bildirdi.
Prezidentning bayonoti Yaqin Sharqdagi beqaror mintaqada yadroviy texnologiyalarning tarqalish xavfidan ogohlantirayotgan ekspertlar va bir qator amerikalik qonunchilarning tanqidlari fonida yangradi.
Isroilda esa AQSH bayonoti olqishlandi. Bosh vazir Binyamin Netanyaxu devoni Saudiya Arabistonining “Ibrohim kelishuvlari”ga ehtimoliy qo‘shilishini “Yaqin Sharqda tinchlik sari tashlangan tarixiy qadam” deya baholadi. Shu bilan birga, Isroilning sobiq mudofaa vaziri Avigdor Liberman “Har bir harbiy yadroviy dastur fuqarolik dasturidan boshlanadi”, deya o‘z xavotirini bildirdi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi