Venesuelada halok bo‘lganlar soni 2295 kishiga yetgani sababli yetti kunlik milliy motam eʼlon qilindi

Iyul 02, 2026. 12:00 • 2 daq

174
Venesuelada halok bo‘lganlar soni 2295 kishiga yetgani sababli yetti kunlik milliy motam eʼlon qilindi
“AP” agentligi surati

KARAKAS, 2-iyul. /“Dunyo” AA/. Venesuelada sodir bo‘lgan ikkita kuchli zilzila oqibatida halok bo‘lganlar soni 2295 nafarga, jarohatlanganlar soni esa 11267 nafarga yetdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri “CNN”ga tayanib.

“Hozirgi vaqtda tabiiy ofatdan jabrlanganlar soni 12841 kishini tashkil etmoqda”, – dedi Venesuela Milliy assambleyasi raisi Xorxe Rodriges mamlakatdagi vaziyatga bag‘ishlangan kundalik brifingda.

Uning so‘zlariga ko‘ra, turli mamlakatlardan va Venesuelaning o‘zidan jalb qilingan 4000 dan ortiq qutqaruvchi hamda ko‘ngillilar 6461 kishining hayotini saqlab qolgan.

Ayni paytda, BMT 50 mingga yaqin odamni bedarak yo‘qolgan deb hisoblamoqda. Parlament spikerining taʼkidlashicha, ularning qariyb 30 ming nafari eng ko‘p zarar ko‘rgan La-Guayra shahri port hududida bo‘lgan. Uning fikricha, tirik qolganlar soni 20 ming kishiga yetishi mumkin, chunki ko‘pchilik vayronalar ostidan mustaqil ravishda yoki yaqinlari yordamida chiqib olishga muvaffaq bo‘lgan.

U, shuningdek, sog‘liqni saqlash xodimlari, xavfsizlik xizmati xodimlari va o‘t o‘chiruvchilarni zilzilalar sababli yuzaga kelgan uy-joy muammolarini hal qilish uchun “Patria” platformasida ro‘yxatdan o‘tishga chaqirdi.

Qayd etilishicha, mamlakatda 25 ta vaqtinchalik lager tashkil etilgan bo‘lib, ulardan 13 tasi La-Guayra shahrida, 8 tasi Karakas, 2 tasi Miranda, 1 tasi Karabobo va yana bittasi Yarakuyada joylashgan.

Hukumat lagerlarni jihozlash va jabrlanganlarni u yerga ko‘chirish bo‘yicha tezkor choralar ko‘rmoqda.

Xorxe Rodrigesning aytishicha, 24-iyundan beri Venesuelada 782 ta aftershok (takroriy zilzila) qayd etilgan, biroq ularning takrorlanish chastotasi va kuchi pasaygan.

Venesuela prezidenti vazifasini bajaruvchi Delsi Rodriges kecha zilzila qurbonlari xotirasiga yetti kunlik milliy motam eʼlon qildi.

“Bunday qayg‘uli damlarda fojia qurbonlarini qo‘llab-quvvatlaymiz hamda ularga hamrohlik qilish va ularni himoya qilishga sodiq ekanimizni yana bir bor taʼkidlaymiz”, – dedi u.

“AP” agentligi surati

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish