Qatardagi AQSH–Eron muzokaralarida ijobiy siljish kuzatildi
Iyul 02, 2026. 13:00 • 2 daq
• 136
VASHINGTON–TEHRON, 2-iyul. /“Dunyo” AA/. Dohada qatarlik va pokistonlik vositachilar AQSH va Eron muzokarachilari bilan alohida uchrashuvlarni yakunladi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri “Al Jazeera” telekanaliga tayanib.
Qatar TIV rasmiy vakili Majid al-Ansoriy muzokaralar jarayonida ijobiy siljish kuzatilganini qayd etdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, AQSH va Eron vakillari o‘rtasidagi bilvosita muzokaralarning navbatdagi davrasi Eronning sobiq oliy rahbari Ali Xomanaiyning dafn marosimidan so‘ng bo‘lib o‘tadi.
Tehronning maʼlum qilishicha, Vashington bilan maslahatlashuvlar chog‘ida anglashuv memorandumining buzilishi haqida xabardor qilish va ularni hal etish yo‘llarini muhokama qilish uchun “aloqa kanali” yaratishga kelishib olingan.
Muzokaralar jarayonidan xabardor manbalarga ko‘ra, ikki mamlakat vakillari Ho‘rmuz bo‘g‘ozidagi dengiz tashuvlari va Eronning muzlatilgan mablag‘lari masalasini muhokama qilgan.
AQSH Prezidenti Donald Tramp bilvosita muzokaralarda erishilgan yutuqlarni olqishlab, Dohada juda yaxshi uchrashuvlar bo‘lib o‘tganini taʼkidladi.
“Ishlarning borishidan kelib chiqilsa, Eronni yadroviy qurolsizlantirish muvaffaqiyatli ketmoqda. Biz ularga [Eronga] juda kuchli zarba berdik. Lekin juda yaxshi kelishib ketyapmiz”, – dedi davlat rahbari jurnalistlarga.
Biroq, manbalarga ko‘ra, texnik tusdagi muzokaralarda yadro dasturi ko‘tarilmagan. Vitse-prezident Jey Di Vens bu masala keyinroq ko‘rib chiqilishini aytgan.
Eslatib o‘tamiz, Eron 28-fevral kuni AQSH–Isroil havo hujumi oqibatida halok bo‘lgan sobiq oliy rahnamo Oyatulloh Ali Xomanaiy bilan vidolashish uchun o‘z tarixidagi eng yirik davlat dafn marosimiga tayyorgarlik ko‘rmoqda.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi