Moskvadan munosabat: O‘zbekiston–Ozarbayjon muzokaralari Markaziy Osiyo va Kavkazorti hamkorligi kuchayib borayotganidan dalolat
Avgust 25, 2026. 19:30 • 2 daq
• 331
MOSKVA, 25-avgust. /“Dunyo” AA/. Rossiya davlat gumanitar universiteti xalqaro munosabatlar kafedrasi dotsenti Yuriy Sigov “Dunyo” AAga Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyevning 23–24-avgust kunlari O‘zbekistonga amalga oshirgan davlat tashrifi yakunlari haqida o‘z fikr-mulohazalarini bildirdi.
– Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyevning O‘zbekistonga davlat tashrifi doirasida ikki delegatsiyaning tor va kengaytirilgan tarkiblardagi muzokaralari bo‘lib o‘tdi. Unda Toshkent va Boku o‘rtasidagi strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini yana-da chuqurlashtirish masalalari ko‘rib chiqildi.
Shuningdek, ikki tomonlama hamkorlikning istiqbolli yo‘nalishlari muhokama qilindi. Tashrif doirasida Yangi Toshkentda qator tadbirlar o‘tkazildi. Ozarbayjon yetakchisi Buxoroga tashrif buyurib, shaharning tarixiy va meʼmoriy obidalari bilan tanishdi.
Bunday tashrif ikki davlatning Markaziy Osiyo va Kavkazorti mamlakatlari o‘rtasida o‘zaro manfaatli asosda to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalarni rivojlantirish istagi ortib borayotganini ko‘rsatadi.
Bugungi kunda Kavkazorti mintaqasining asosiy iqtisodiy va siyosiy ishtirokchisi bo‘lgan Ozarbayjon Markaziy Osiyo davlatlari bilan aloqalarini har tomonlama mustahkamlamoqda, O‘zbekiston va Qozog‘iston bilan aloqalarga ustuvor ahamiyat qaratilmoqda. Toshkent uchun Boku Turkiya va Yevropa bozorlariga asosiy transport yo‘lagi sifatida Kaspiy mintaqasidagi juda muhim ahamiyatga ega sherik hisoblanadi.
Ikki tomonlama aloqalarni tobora rivojlantirishda davlat rahbarlari Shavkat Mirziyoyev va Ilhom Aliyevning tashabbus va intilishlari sheriklikni kengaytirishda muhim omil bo‘lib xizmat qilmoqda.
Umuman olganda, ushbu tashrif Markaziy Osiyo va Kavkazorti davlatlarining o‘zaro hamkorlikni yana-da kengaytirishga intilayotganining yana bir tasdig‘i bo‘ldi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi