AQShdagi oraliq saylovlar yakunlariga ko‘ra, demokratlar ikkala palata ustidan nazoratni qo‘lga kiritdi

Noyabr 04, 2026. 15:00 • 3 daq

• 167
AQShdagi oraliq saylovlar yakunlariga ko‘ra, demokratlar ikkala palata ustidan nazoratni qo‘lga kiritdi

VASHINGTON, 4-noyabr. /“Dunyo” AA/. 3-noyabr kuni AQShda bo‘lib o‘tgan oraliq saylovlar Demokratlar partiyasining yaqqol g‘alabasi bilan yakunlandi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri “AP” agentligiga tayanib.

Demokratlar partiyasi Kongressning ikkala palatasi ustidan nazoratni qo‘lga kiritib, Donald Tramp prezidentligining qolgan ikki yili uchun Vashingtondagi siyosiy kuchlar nisbatini o‘zgartirib yubordi.

Demokratlar Kanzas, Ayove, Texas, Ogayo, Men, Shimoliy va Janubiy Karolinada g‘alaba qozonib, Senatda kamida yettita qo‘shimcha o‘rinni egalladi. E’tiborlisi, partiyaning ushbu muvaffaqiyatlari an’anaviy ravishda respublikachilarning tayanchi hisoblangan shtatlarga to‘g‘ri keldi.

Asosiy shov-shuvlardan biri Jeyms Talarikoning Texasdagi g‘alabasi bo‘ldi. U 1988-yildan buyon ushbu shtatdan Senatga saylangan ilk demokratga aylandi. Bundan tashqari, demokrat Jina Inoxosa gubernatorlik saylovlarida g‘olib chiqib, bu lavozimni egallagan kelib chiqishi lotin amerikalik bo‘lgan birinchi ayol hamda so‘nggi o‘ttiz yil ichida Texasning ilk demokrat gubernatori bo‘ldi.

Boshqa shtatlarda ham tarixiy natijalar qayd etildi. Michiganda Abdul Al-Sayid g‘alaba qozondi – u AQSh Senatidagi birinchi musulmon bo‘ladi. Uning g‘alabasi Michigan shtati 2024-yilgi prezidentlik saylovlarida Donald Trampni qo‘llab-quvvatlagani bilan ahamiyatlidir. Vakillar palatasida esa demokratlar 2024-yilda amaldagi prezidentni 18 foiz punktgacha bo‘lgan ustunlik bilan qo‘llab-quvvatlagan qator okruglarda g‘alabani ilib ketdi.

Amerika OAVlarining baholashicha, respublikachilar mag‘lubiyatining asosiy sabablaridan biri saylovchilarning yashash xarajatlari oshib ketishi, yoqilg‘i narxlari va Eron bilan urush oqibatlaridan noroziligi bo‘lgan. “AP” so‘rovnomasiga ko‘ra, ko‘plab amerikaliklar Oq uy ustidan parlament nazoratini kuchaytirish tarafdori.

Donald Tramp “Fox News” telekanaliga bergan intervyusida natijalarga izoh berar ekan, demokratlar saylov kampaniyasini yaxshi o‘tkazganini tan oldi, biroq mag‘lubiyat uchun javobgarlikni o‘z partiyasidan ko‘rsatilgan nomzodlar zimmasiga yukladi. Shuningdek, u Eron bilan urush va yoqilg‘i narxlari oshishi ovoz berish yakunlariga ta’sir ko‘rsatganini ta’kidladi.

“The New York Times” gazetasida chop etilgan boshqa bir intervyuda Amerika yetakchisi saylov natijalarini qabul qilishi va demokratlar bilan hamkorlikka tayyorligini bildirdi.

“Biz demokratlar bilan birga ishlaymiz va hamkorlikdan umidvormiz. Ehtimol, biror masala bo‘yicha kelishuvga erisharmiz”, – deya uning so‘zlari keltirilgan nashrda.

Kongressda ko‘pchilik o‘rinni qo‘lga kiritgan demokratlar endilikda qonunchilik kun tartibiga ta’sir ko‘rsatish, prezidentning qator tayinlovlari, jumladan, sudyalik lavozimlariga to‘sqinlik qilish hamda ma’muriyatga nisbatan parlament surishtiruvlarini o‘tkazish imkoniyatiga ega bo‘ladi.

“NBC” telekanali surati

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish