Kolumbiyadagi zilzila qurbonlari soni 250 kishidan oshdi

Avgust 12, 2026. 12:30 • 2 daq

118
Kolumbiyadagi zilzila qurbonlari soni 250 kishidan oshdi

BOGOTA, 12-avgust. /“Dunyo” AA/. Kolumbiya g‘arbida ro‘y bergan 7,4 magnitudali kuchli zilzila oqibatida halok bo‘lganlar soni 250 kishidan oshdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri “Reuters” agentligiga tayanib.

10-avgust kuni erta tongda sodir bo‘lgan zilzila mamlakatda so‘nggi o‘n yilliklardagi eng vayronkor ofatlardan biri bo‘ldi. Ayniqsa, Kolumbiyaning qahva yetishtiriladigan hududi katta zarar ko‘rdi. Uch mingdan ortiq kishi bedarak yo‘qolgan deb hisoblanmoqda.

Qutqaruvchilar vayronalarni kranlar, ekskavatorlar yordamida va qo‘lda tozalashmoqda. Bugungi kunga kelib, mahalliy hisob-kitoblarga ko‘ra, halok bo‘lganlar soni 254 nafarga yetdi. Rasmiylar aloqadagi uzilishlar sababli yakuniy maʼlumotlar faqat bir necha kundan keyin eʼlon qilinishi mumkinligi haqida ogohlantirdi.

Besh mingga yaqin uy-joy shikastlandi, o‘nlab binolar quladi, yuzlab turar joylar vayron bo‘ldi. Kali shahrida shifoxonaning yuqori qavatlari, jumladan, bolalar xonalari qisman qulab tushdi va 600 nafarga yaqin odamga ko‘chada tibbiy yordam ko‘rsatishga to‘g‘ri keldi.

Kibdo, Pereyra, Manisales, Armeniya, Kartago va Buenaventura shaharlaridagi oltita aeroport yopildi. Shuningdek, suv, elektr energiyasi, tibbiy yordam va telefon aloqasi taʼminotida uzilishlar kuzatildi, ayrim yo‘llar esa yopiqligicha qolmoqda.

Kolumbiya hukumati jabrlanganlarga suv, oziq-ovqat, gigiyena vositalari, vaqtinchalik boshpana va tibbiy yordam jo‘natdi. AQSh fzudlik bilan zarur bo‘lgan ehtiyojlar uchun 15,5 million dollar ajratdi. Amerikalararo taraqqiyot banki esa tiklash ishlari uchun 50 million dollar taqdim etishga tayyorligini bildirdi.

“AP” agentligi surati

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish