O‘zbekiston sifat infratuzilmasi eng tez rivojlanayotgan beshta davlat qatoriga kirdi
Noyabr 11, 2026. 11:00 • 3 daq
• 45
VЕNA, 11-noyabr. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston Barqaror rivojlanish uchun sifat infratuzilmasining xalqaro reyting indeksida (QI4SD) 2026-yil yakunlariga ko‘ra 67-o‘rinni egallab, o‘z ko‘rsatkichini 28 pog‘onaga yaxshiladi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Reyting natijalari 4–6-noyabr kunlari Vena shahrida “Ishonch, savdo va sifat infratuzilmasi orqali transformatsiya” mavzusida o‘tkazilgan “Global Quality Forum 2026” xalqaro forumida e’lon qilindi. Forum 100 dan ortiq xalqaro tashkilotlar, davlat idoralari, tarmoq institutlari, ekspertlar hamjamiyati va xususiy sektor vakillarini birlashtirdi.
QI4SD indeksi mamlakatlarning milliy sifat infratuzilmasi, jumladan, metrologiya,akkreditatsiya, muvofiqlikni baholash va bozor nazorati holatini kompleks baholaydi.
O‘zbekistonning reytingdagi o‘rni izchil ravishda yaxshilanib bormoqda. Xususan, mamlakat 2022-yilda 130-o‘rinda bo‘lgan bo‘lsa, 2024-yilda 95-o‘ringa, 2026-yil yakunlariga ko‘ra esa 67-o‘ringa ko‘tarildi. Shu tariqa, so‘nggi to‘rt yil ichida respublika o‘z natijasini 63 pog‘onaga yaxshiladi.
MDH davlatlari orasida O‘zbekiston Rossiya (18-o‘rin) va Qozog‘istondan (61-o‘rin) keyin uchinchi o‘rinni egalladi. Shuningdek, respublika 2024–2026-yillarda sifat infratuzilmasi eng yuqori sur’atlarda rivojlanayotgan davlatlarning beshligiga ham kirdi.
Reytingning dastlabki o‘ntaligidan Xitoy, Germaniya, Fransiya, Italiya, Buyuk Britaniya, Koreya Respublikasi, Hindiston, Ispaniya, Avstraliya va AQSh joy oldi.
Forum doirasida O‘zbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligi direktorining birinchi o‘rinbosari Laziz Saidoripov boshchiligidagi O‘zbekiston delegatsiyasi BMTning Sanoatni rivojlantirish tashkiloti (YUNIDO), Jahon banki, Xalqaro o‘lchovlar va tarozilar byurosi, Xalqaro qonuniy metrologiya tashkiloti, Afrika ichki metrologiya tizimi (AFRIMETS), Islom davlatlarining standartlar va metrologiya instituti, Britan standartlar instituti, “ASTM International” hamda “Global A.C.” tashkilotlari vakillari bilan ikki tomonlama uchrashuvlar o‘tkazdi.
Muzokaralarda milliy tizimga xalqaro standartlarni joriy etish, metrologiya va akkreditatsiyani rivojlantirish, laboratoriyalarning xalqaro e’tirofini kengaytirish, institutsional salohiyatni mustahkamlash hamda mutaxassislarning malakasini oshirish masalalari muhokama qilindi.
Tashrifning alohida natijasi sifatida YUNIDOning 60 yilligini nishonlash doirasida Vena shahrida O‘zbekistonga bag‘ishlangan maxsus tadbir o‘tkazish bo‘yicha kelishuvga erishildi. 2026-yil 23–25-noyabr kunlari bo‘lib o‘tadigan mazkur tadbirda xalqaro jamoatchilikka mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar, sifat infratuzilmasini rivojlantirish natijalari va QI4SD reytingidagi yutuqlar tanishtiriladi.
Shuningdek, tajriba almashish va keyingi amaliy hamkorlik istiqbollarini belgilash maqsadida Avstriyaning sohaviy idoralari bilan ham uchrashuvlar o‘tkazish rejalashtirilgan.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi