Logo

Pokistondan munosabat: Chexiya O‘zbekistonning o‘sish maqsadlari uchun o‘zaro to‘ldiruvchi sherik hisoblanadi

May 02, 2026. 15:35 • 3 daq

44
Pokistondan munosabat: Chexiya O‘zbekistonning o‘sish maqsadlari uchun o‘zaro to‘ldiruvchi sherik hisoblanadi

ISLOMOBOD, 2-may. /“Dunyo” AA/. Pokistonning “The World News” media uyi direktori va bosh muharriri Riaz Ahmad Malik “Dunyo” AA uchun intervyusida Chexiya Bosh vaziri Andrey Babishning 29-30-aprel kunlari O‘zbekistonga amalga oshirgan rasmiy tashrifi yakunlari haqidagi fikr-mulohazalarini bildirdi:

– Chexiya Bosh vaziri Andrey Babishning O‘zbekistonga tashrifi oddiy diplomatik muloqotdan ko‘ra kengroq ahamiyatga ega – u iqtisodiy diversifikatsiya, texnologik taraqqiyot va global integratsiya yo‘lida tobora uyg‘unlashayotgan ikki davlat o‘rtasidagi aloqalar chuqurlashayotganini anglatadi.

So‘nggi yillarda O‘zbekiston Markaziy Osiyoning eng dinamik rivojlanayotgan iqtisodiyotlaridan biriga aylandi. Bu jarayon liberallashtirish, xorijiy investitsiyalarni jalb qilish va mintaqaviy bog‘liqlikni kuchaytirishga qaratilgan islohotlar natijasida yuz bermoqda. Shu o‘zgarishlar fonida Yevropa davlatlari, ayniqsa Chexiya bilan hamkorlik strategik ahamiyat kasb etmoqda. Kuchli sanoat bazasi, ilg‘or muhandislik salohiyati va iqtisodiy transformatsiya tajribasiga ega Chexiya O‘zbekistonning o‘sish maqsadlari uchun o‘zaro to‘ldiruvchi sherik hisoblanadi.

Tarixan O‘zbekiston va Chexiya o‘rtasidagi munosabatlar iliq bo‘lgan, ammo ular to‘liq imkoniyatlardan foydalanilmagan. Bosh vazir Andrey Babishning O‘zbekistonga bo‘lib o‘tgan tashrifi va Prezident Shavkat Mirziyoyev bilan o‘tkazgan samarali muzokaralari esa o‘zaro anglashuvni aniq aks ettirdi. Ya’ni, xayrxohlikni aniq iqtisodiy va institutsional hamkorlikka aylantirish vaqti keldi. Ikki mamlakat o‘rtasidagi savdo hajmi hozircha katta emas, ammo salohiyat juda yuqori. Toshkentda bo‘lib o‘tgan oliy darajadagi muzokaralar yakunida bu ko‘rsatgichni 1 milliard AQSH dollariga yetkazishga kelishib olindi.

Hamkorlikning eng istiqbolli yo‘nalishlaridan yana biri — sanoatni modernizatsiya qilishdir. O‘zbekiston ishlab chiqarish bazasini yangilashga intilayotgan bo‘lsa, Chexiya aniq muhandislik, avtomobil qismlari va sanoat texnologiyalari sohasida katta tajribaga ega. Ishonchliligi va innovatsion yondashuvi bilan tanilgan Chexiya kompaniyalari O‘zbekistonning yuqori qo‘shimcha qiymatli mahsulot ishlab chiqarishga o‘tish jarayonida muhim o‘rin tutishi mumkin.

Energetika sohasidagi hamkorlik imkoniyatlari ham juda muhim. O‘zbekiston energiya manbalarini diversifikatsiya qilish va samaradorlikni oshirishga intilar ekan, Chexiyaning qayta tiklanuvchi energiya texnologiyalari va energiyani boshqarish tizimlari bo‘yicha tajribasi juda qimmatli bo‘lishi mumkin. Bu hamkorlik nafaqat iqtisodiy o‘sishga, balki global rivojlanish kun tartibida muhim o‘rin tutayotgan barqarorlik maqsadlariga ham xizmat qiladi.

O‘zbekiston islohotlar va ochiqlik yo‘lida olg‘a intilayotgan bir paytda, Chexiya kabi sherikliklar uning iqtisodiy kelajagini shakllantirishda muhim o‘rin tutadi. Chexiya esa Osiyoning chorrahasida joylashgan, kelajakka intilayotgan O‘zbekiston bilan hamkorlik qilish orqali katta foyda olishi mumkin.

Xulosa aniq, bu tashrif aniq natijalarga olib keladi. Shuningdek, bu oddiy tashrif emas, balki O‘zbekiston–Chexiya munosabatlarining yanada maqsadli va dinamik bosqichiga qadam qo‘yilishidir.

Default Avatar

Material muallifi

Xo‘jabek Nematilloxonov

dunyo@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish