Logo

AQSH Eronning yangi tinchlik taklifini rad etdi va kemalarni Hurmuz bo‘g‘ozidan olib chiqishni boshladi

May 04, 2026. 13:55 • 2 daq

145
AQSH Eronning yangi tinchlik taklifini rad etdi va kemalarni Hurmuz bo‘g‘ozidan olib chiqishni boshladi

VASHINGTON, 4-may. /“Dunyo” AA/. AQSH prezidenti Donald Tramp Eronning mojaroni hal qilish bo‘yicha yangi taklifi bilan tanishgani, biroq uni qabul qilib bo‘lmas deb hisoblaganini maʼlum qildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri “AP” agentligiga tayanib.

“Men uchun bu qabul qilib bo‘lmaydigan holat. Men hammasini o‘rganib chiqdim. Buni qabul qilib bo‘lmaydi” – deya fikr bildirgan Oq uy rahbari.

Avvalroq, Amerika yetakchisi “Truth Social” ijtimoiy tarmog‘ida keskin bayonot berib, “Tehron so‘nggi 47 yil ichida insoniyatga qilgan ishlari uchun hali yetarlicha badal to‘lamaganini” taʼkidlagan.

Eronning “IRNA” agentligi maʼlumotlariga ko‘ra, Eron o‘zining so‘nggi muzokara taklifi matnini Tehron va Vashington o‘rtasidagi aloqalarda vositachilik qilayotgan Pokistonga yetkazgan. Tashabbus zamirida mintaqada tinchlikka erishish va harbiy harakatlarni to‘xtatishga qaratilgan takliflar yotgani aytilmoqda.

Donald Tramp, shuningdek, 4-maydan boshlab Amerika harbiylari blokirovka qilingan Hurmuz bo‘g‘ozi orqali fuqarolik kemalarini kuzatib borishni boshlashini eʼlon qildi. Operatsiya “Ozodlik loyihasi” deb nomlandi.

AQSH prezidenti buni, 28-fevraldagi urush boshlanganidan beri Fors ko‘rfazida qolib ketgan yuzlab kemalar ekipajlari manfaati uchun insonparvarlik harakati, deb taʼrifladi.

AQSH Markaziy qo‘mondonligi operatsiyaga boshqariladigan raketalarga ega esmineslar, yuzdan ortiq havo va dengiz uchish apparatlari, uchuvchisiz platformalar va 15 ming harbiy xizmatchi jalb qilinganini maʼlum qildi.

Eron parlamenti Milliy xavfsizlik komissiyasi rahbari Ibrohim Aziziy X ijtimoiy tarmog‘ida Amerikaning Hurmuz bo‘g‘ozidagi kema qatnoviga har qanday aralashuvi sulhni buzish, deb baholanishini yozdi.

“AP” agentligi surati

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish