Logo

“Yangi O‘zbekiston” konsepsiyasi Jenevada taqdim etildi

Fevral 26, 2026. 16:10 • 2 daq

216
“Yangi O‘zbekiston” konsepsiyasi Jenevada taqdim etildi
“Yangi O‘zbekiston” konsepsiyasi Jenevada taqdim etildi
“Yangi O‘zbekiston” konsepsiyasi Jenevada taqdim etildi

TOSHKENT, 26-fevral. /“Dunyo” AA/. Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Milliy markazi (IHMM) direktori, akademik Akmal Saidov Jeneva shahridagi Millatlar saroyida bo‘lib o‘tgan BMT Inson huquqlari bo‘yicha kengashining 61-sessiyasi Oliy darajadagi segmentida onlayn tarzda ishtirok etdi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Tadbirning ochilish marosimida BMT bosh kotibi Antoniu Guterrish, BMT Bosh Assambleyasi raisi Annalena Berbok, BMTning Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari Folker Tyurk, shuningdek, davlat rahbarlari, tashqi ishlar vazirlari va BMTga aʼzo davlatlar delegatsiyalari rahbarlari so‘zga chiqdilar.

O‘zbekiston delegatsiyasi rahbari o‘z nutqida inson huquq va erkinliklarini taʼminlash hamda himoya qilish sohasidagi “Yangi O‘zbekiston” konsepsiyasini taqdim etdi. Mamlakatimiz vakili O‘zbekistonning BMT Nizomi prinsiplariga, shuningdek, global tahdidlar sharoitida xalqaro hamkorlik va birdamlikni mustahkamlashga sodiqligi o‘zgarmasligini taʼkidladi.

Mamlakatda O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev rahbarligida izchil islohotlar amalga oshirilayotgani qayd etildi. Yangilangan “O‘zbekiston – 2030” strategiyasi Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish bo‘yicha milliy “yo‘l xaritasi” sifatida ko‘rilmoqda hamda u ijtimoiy adolatni taʼminlash, qonun ustuvorligini mustahkamlash va aholi turmush sifatini oshirishga qaratilgan.

Shuningdek, 2026–2030-yillarga mo‘ljallangan Inson huquqlari bo‘yicha ikkinchi Milliy strategiya loyihasi tayyorlanayotgani, shuningdek, BMT Jahon dasturining Beshinchi bosqichi doirasida Inson huquqlari sohasidagi taʼlim bo‘yicha Milliy dastur ishlab chiqilayotgani haqida maʼlum qilindi.

BMT Bosh kotibining “UN-80” tashabbusi hamda BMT Oliy komissarining Inson huquqlari bo‘yicha global alyans yaratish taklifi qo‘llab-quvvatlanishi alohida taʼkidlandi.

O‘zbekiston 2026-yilda Inson huquqlari bo‘yicha xalqaro paktlarning 60 yilligiga bag‘ishlangan Inson huquqlari bo‘yicha beshinchi Samarqand forumi hamda Yosh parlamentariylarning global konferensiyasiga mezbonlik qiladi.

BMT Inson huquqlari bo‘yicha kengashining navbatdagi oltmish birinchi sessiyasi 2026-yil 23-fevralda ochildi. Sessiya ishida 100 dan ortiq davlat vakillari ishtirok etmoqda. Kun tartibidan 29 ta interfaol muloqot, raqamli texnologiyalarga va Durban deklaratsiyasining bir yilligiga bag‘ishlangan mavzuli yalpi majlislar hamda ayrim mamlakatlar va mintaqalardagi vaziyatlar muhokamasi kabi masalalar o‘rin olgan. Sessiya ishi 2026-yil 31-martga qadar davom etadi.

Default Avatar

Material muallifi

Xo‘jabek Nematilloxonov

dunyo@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish