Yevropadagi jazirama 4 mingdan ortiq kishining bevaqt o‘limiga sabab bo‘ldi

Iyul 03, 2026. 19:30 • 2 daq

166
Yevropadagi jazirama 4 mingdan ortiq kishining bevaqt o‘limiga sabab bo‘ldi

PARIJ, 3-iyul. /“Dunyo” AA/. Fransiya, Belgiya, Ispaniya va Niderlandiyada iyun oyida kuzatilgan jazirama to‘lqini davomida 4 mingdan ortiq kishi bevaqt vafot etdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri “Euronews”ga tayanib.

Rasmiylar mazkur maʼlumotlar dastlabki hisob-kitoblar ekani va keyinchalik bu raqamlar yana-da ortishi mumkinligini taʼkidlamoqda.

Maʼlumotlarga ko‘ra, 20-iyundan 28-iyungacha davom etgan anomal issiq Yevropa tarixidagi eng kuchlilardan biri bo‘lgan. Bu energetika infratuzilmasining uzilishiga, obyektlarning shikastlanishiga va sog‘liqni saqlash tizimlariga yuklamaning oshishiga olib keldi. Olimlarning fikricha, ushbu ekstremal jaziramaga shubhasiz iqlim o‘zgarishi sabab bo‘lgan.

Fransiya sog‘liqni saqlash vaziri Stefani Ristning qayd etishicha, jazirama davrida 2 ming 25 ta ortiqcha o‘lim kuzatilgan. O‘limning eng katta o‘sishi 45 yoshdan oshgan odamlar orasida ro‘y bergan. Shuningdek, vazirlik 22­–28-iyungacha uyda vafot etganlar soni o‘tgan haftaga nisbatan 91 foizga oshgani, qariyalar uylari va tibbiyot muassasalarida ham o‘lim holatlari ko‘payganini maʼlum qildi. Idora yakuniy ko‘rsatkichlar yuqoriroq bo‘lishi mumkinligi haqida ogohlantirdi.

Belgiyada 18–29-iyun kunlari taxminan 1222 ta barvaqt o‘lim holati qayd etilgan. Vafot etganlarning 530 dan ortig‘i 85 yoshdan oshgan, yana 180 nafari 65 yoshgacha bo‘lgan. Mamlakat Sog‘liqni saqlash vazirligi jazirama paytida bunday o‘lim darajasini misli ko‘rilmagan deb atadi.

Niderlandiyada rasmiylar 480 ga yaqin erta o‘lim haqida xabar berdi, ularning aksariyati 80 yoshdan oshgan kishilar

Ispaniya sog‘liqni saqlash instituti issiq havo bilan bog‘liq kamida 1 ming 28 ta o‘lim haqida maʼlumot berdi, bu 2025-yil iyun oyidagi 407 ta holatdan ikki baravar ko‘pdir.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish