Xitoyning yetakchi kompaniyasi O‘zbekistonda yangi internet provayder zonalarini ochishini e’lon qildi
Iyun 04, 2026. 23:25 • 2 daq
• 168SHANXAY, 4-iyun. /“Dunyo” AA/. Xitoyning Chjetszyan provinsiyasi Savdo-sanoat palatasi, Raqamli globallashuv assotsiatsiyasi va “UCloud” kompaniyasi hamkorligida O‘zbekistonning investitsiya salohiyatiga bag‘ishlangan tadbir bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Tadbir davomida O‘zbekiston Markaziy Osiyoda raqamli infratuzilmani rivojlantirish uchun qulay va yetakchi platformalardan biriga aylanib borayotgani ta’kidlandi.
Ishtirokchilar Xitoy biznesining O‘zbekiston yo‘nalishidagi ishtirokini kengaytirish imkoniyatlari va yangi bozorlarga chiqish strategiyalari yuzasidan fikr almashdi.
Shuningdek, bulutli xizmatlarni mahalliylashtirish bo‘yicha amaliy tajribalar muhokama qilindi. Hududdagi korxonalarning raqamli transformatsiyasini qo‘llab-quvvatlash masalasiga alohida e’tibor qaratildi.
Tadbirning asosiy voqealaridan biri — “UCloud” kompaniyasining O‘zbekistonda yangi internet provayder zonalarini ochishi haqidagi e’loni bo‘ldi.
Kompaniya ijrochi direktori Szi Sinxuanning ta’kidlashicha, O‘zbekistonda raqamli iqtisodiyot jadal rivojlanmoqda, davlat tuzilmalari, moliya sektori, chakana savdo va logistika sohalari raqamli transformatsiya bosqichidan o‘tmoqda.
Xitoy tomoni mamlakat salohiyatini yuqori baholab, mahalliy biznesni jahon standartlariga javob beradigan ishonchli, yuqori unumdorlikka ega va xavfsiz infratuzilma bilan ta’minlashga tayyorligini bildirdi.
“UCloud” butun dunyo bo‘ylab korxonalar uchun xavfsiz, kengaytiriladigan va yuqori samarali internet xizmatlarini taqdim etadigan yetakchi provayder hisoblanadi. Kompaniya global infratuzilmani rivojlantirishga faol sarmoya kiritib, strategik ahamiyatga ega hududlarda yangi mavjudlik zonalarini ochib kelmoqda.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi







