Chexiyadagi maxsus reyddan so‘ng vatandoshlar bilan profilaktik muloqot bo‘lib o‘tdi

Iyun 25, 2026. 15:30 • 2 daq

25
Chexiyadagi maxsus reyddan so‘ng vatandoshlar bilan profilaktik muloqot bo‘lib o‘tdi
Chexiyadagi maxsus reyddan so‘ng vatandoshlar bilan profilaktik muloqot bo‘lib o‘tdi
Chexiyadagi maxsus reyddan so‘ng vatandoshlar bilan profilaktik muloqot bo‘lib o‘tdi

PRAGA, 25-iyun /“Dunyo” AA/. Chexiyada bo‘lib o‘tgan maxsus reyddan so‘ng ayrim taksi xizmatlari sohasida faoliyat yuritayotgan yurtdoshlarning qo‘lga olinishi sababli profilaktik konsullik sayyor qabuli o‘tkazildi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri.

“Turkiston” madaniyat markazida tashkil etilgan uchrashuvda 400 nafarga yaqin O‘zbekiston fuqarolari ishtirok etdi. Chexiya huquqni muhofaza qiluvchi organlari tomonidan taksi va buyurtma asosidagi yo‘lovchi tashish sohasida o‘tkazilgan “Tax Sobra” maxsus tadbiri doirasida ayrim vatandoshlar ham qo‘lga olingan.

Elchixona vakillari hamyurtlar bilan Chexiyaning migratsiya, mehnat, soliq hamda transport qonunchiligi talablariga qat’iy rioya etish masalalari yuzasidan tushuntirish-profilaktika suhbatlari o‘tkazdi.

Xususan, Uber, Bolt va boshqa raqamli platformalar orqali faoliyat yuritishda amaldagi ruxsatnomalar, qonuniy mehnat munosabatlari hamda soliq majburiyatlariga rioya qilish zarurligi ta’kidlandi.

Shuningdek, rasmiylashtirilmagan mehnat faoliyati, boshqa shaxslarga tegishli akkauntlardan foydalanish, shaxsiy ma’lumotlarni uchinchi shaxslarga berish, soxta hujjatlarni rasmiylashtirish hamda turli noqonuniy vositachilik sxemalarida ishtirok etishning huquqiy oqibatlari haqida ogohlantirildi. Bunday holatlar ma’muriy yoki jinoiy javobgarlikka tortilish, jarimalar solinishi, migratsiya maqomining bekor qilinishi va deportatsiya qilinishiga olib kelishi mumkinligi qayd etildi.

Diplomatlar “Daňová Kobra” operatsiyasi bilan bog‘liq vaziyatni kuzatib borayotganini ma’lum qilib, har qanday shaxsning aybdorligi faqat sud qarori bilan belgilanishi, fuqarolar esa himoya va konsullik ko‘magidan foydalanish huquqiga ega ekanini ta’kidladi.

Noqonuniy ishga joylashtirish, insofsiz ish beruvchilar va vositachilarning xatti-harakatlari, moliyaviy bosim yoki hujjatlarni noqonuniy ushlab turish holatlariga duch kelgan fuqarolar elchixonaning konsullik bo‘limiga murojaat qilishi mumkinligi bildirildi. Zaruratga ko‘ra, dastlabki konsullik-huquqiy yordam va tegishli tavsiyalar berilishi qayd etildi.

Fuqarolarga elchixonada pasport rasmiylashtirish, konsullik hisobiga qo‘yish, notarial harakatlarni amalga oshirish, sertifikat va ma’lumotnomalar berish bo‘yicha xizmatlar to‘liq hajmda ko‘rsatilayotgani haqida ma’lumot berildi.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish