Tashqi ishlar vazirligi ishchi guruhi to‘rtta viloyatda sayyor qabullar o‘tkazdi
Noyabr 23, 2026. 12:30 • 2 daq
• 208TOSHKЕNT, 23-noyabr. /“Dunyo” AA/. Tashqi ishlar vazirligi Konsullik-huquqiy departamenti xodimlaridan iborat ishchi guruhining navbatdagi sayyor qabuli tashkil etildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
TIVning ma’lum qilishicha, ishchi guruh vakillari joriy yilning 19–20-noyabr kunlari Buxoro, Navoiy, Farg‘ona va Namangan viloyatlarida navbatdagi sayyor qabullarni o‘tkazgan.
Ochiq muloqot tarzida bo‘lib o‘tgan uchrashuvlarda aholidan ijtimoiy, huquqiy va migratsiya masalalariga oid ko‘plab murojaatlar kelib tushdi.
Muhokamalar markazida xorijda mehnat faoliyatini amalga oshirish tartiblari, chet elda mushkul vaziyatga tushib qolgan yurtdoshlarimizga konsullik ko‘magini ko‘rsatish hamda xorijiy davlatlarning vaqtincha saqlash muassasalarida bo‘lib turgan fuqarolarni Vatanga qaytarish kabi dolzarb mavzular o‘rin oldi.
Shuningdek, hujjatlarni rasmiylashtirish va qonuniy tartibda legallashtirish bilan bog‘liq savollarga ham alohida e’tibor qaratildi.
Har bir murojaat atroflicha o‘rganilib, ularning kelib chiqish sabablari tahlil qilindi. Fuqarolarga amaldagi qonunchilik normalari asosida batafsil huquqiy tushuntirishlar berilib, muammolarni hal etish yuzasidan amaliy tavsiyalar taqdim etildi.
Qo‘shimcha o‘rganish va idoralararo hamkorlikni talab etadigan masalalar esa alohida nazoratga olinib, ularning ijrosini ta’minlash bo‘yicha aniq choralar belgilandi.
Sayyor qabul davomida aholi bilan vazirlik tomonidan olib borilayotgan ishlar yuzasidan brifing o‘tkazildi.
Shu bilan birga, bir qator mahalla yetakchilari bilan uchrashuvlar o‘tkazilib, vazirlik bilan o‘zaro hamkorlik masalalari bo‘yicha muzokaralar olib borildi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi





