O‘zbekiston va Yevropa Ittifoqi ilmiy va innovatsion sohalarda hamkorlikni mustahkamlamoqda
Dekabr 13, 2025. 16:36 • 2 daq
• 181
TOSHKENT, 13-dekabr. /“Dunyo” AA/. Kecha O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi tashabbusi bilan Toshkent iqtisodiyot va texnologiyalar universitetida “O‘zbekistonning ilmiy salohiyatini rivojlantirish: Yevropa Ittifoqi bilan hamkorlik kuni” mavzusida konferensiya bo‘lib o‘tdi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri.
TIV maʼlumotiga ko‘ra, tadbirda O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri maslahatchisi Munira Aminova, Yevropa Ittifoqining O‘zbekistondagi elchisi Toyvo Klaar, Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirining birinchi o‘rinbosari Sardor Rajabov, Yevropa Komissiyasi vakillari, shuningdek mamlakatimizdagi 100 dan ortiq oliy taʼlim muassasalarining rahbarlari va mutaxassislari ishtirok etdi.
Konferensiyadan ko‘zlangan asosiy maqsad O‘zbekistonning “Horizon Europe” dasturi hamda Yevropa Ittifoqining O‘zbekistondagi “Erasmus+” loyihalarida ishtirokini yanada kengaytirish, taʼlim va ilmiy tadqiqotlar sohasidagi hamkorlikni mustahkamlashdan iborat bo‘ldi. Yevrokomissiya vakillari O‘zbekistonda ushbu dasturlarda faol ishtirok etish uchun zarur inson resurslari va ilmiy bazaga ega ekanligini taʼkidladilar.
Tadbir davomida “Erasmus+” dasturi doirasidagi hamkorlikni chuqurlashtirish imkoniyatlari, talabalar va tadqiqotchilar almashinuvini kengaytirish, qo‘shma ilmiy loyihalarni yo‘lga qo‘yish, shuningdek O‘zbekiston universitetlari va ilmiy tashkilotlarining Yevropa tadqiqot tashabbuslarida ishtirok etishi haqida batafsil maʼlumot berildi.
Ushbu tashabbuslar Samarqandda bo‘lib o‘tgan Markaziy Osiyo – Yevropa Ittifoqi” birinchi sammiti hamda O‘zbekiston Prezidentining Belgiyaga tashrifi chog‘ida erishilgan kelishuvlarning mantiqiy davomi sifatida baholandi. Tomonlar ilmiy va innovatsion hamkorlikni kengaytirish, shuningdek O‘zbekistonning Yevropa Ittifoqi tadqiqot dasturlarida ishtirokini kuchaytirish tarafdorligini tasdiqladilar.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi