Malayziyadan munosabat: Islom sivilizatsiyasi markazi o‘zbek xalqining boy ilmiy-maʼnaviy merosini dunyoga targ‘ib qiladi
Mart 18, 2026. 19:07 • 2 daq
• 56
KUALA-LUMPUR, 18-mart. /“Dunyo” AA/. Malayziya Parlamenti Senati raisi o‘rinbosari Nur Jazlan Muhammad Toshkentda Islom sivilizatsiyasi markazi ochilishi munosabati bilan tabrik yo‘lladi:
– 20 yil davomida O‘zbekistonga tashrif buyurib, uning siyosiy va ijtimoiy merosining rivojlanishini kuzatishga muvaffaq bo‘ldim. O‘zbekiston juda go‘zal mamlakat. Fikrimcha, so‘nggi o‘n yil ichida Shavkat Mirziyoyev rahbarligida mamlakat katta o‘zgarishlarni amalga oshirdi.
Men O‘zbekistonning islom sivilizatsiyasining markazi sifatida yana qayta rivojlanayotganidan, jumladan Toshkent shahrida Islom sivilizatsiyasi markazining bunyod etilganidan juda xursand bo‘ldim.
O‘zbekiston xalqini va butun musulmon olamini ushbu yirik ilm-maʼrifat markazining ochilishi bilan samimiy muborakbod etaman.
O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi o‘zbek xalqining boy ilmiy-maʼnaviy merosini o‘rganish va dunyoga targ‘ib qilish yo‘lidagi ulkan qadamdir. Bu majmua shunchaki muzey emas, balki buyuk allomalarning jahon tamadduniga qo‘shgan hissasini tadqiq etuvchi yirik ilmiy maskan bo‘ladi.
Shu o‘rinda aytish lozimki, avval mamlakat nisbatan yopiq tizimga ega edi, ammo bugun u ancha ochiq va xalqaro maydonda faol ishtirok etuvchi davlatga aylandi. Iqtisodiyot liberallashtirildi, investitsiya muhiti yaxshilandi, institutlar mustahkamlandi va parlamentning o‘rni tobora kengayib bormoqda.
Shavkat Mirziyoyev bilan suhbatlashish hamda O‘zbekiston Parlamenti rahbariyati bilan ko‘plab uchrashuvlar o‘tkazishga muyassar bo‘lganman. Ishonamanki, O‘zbekiston yetakchisining iqtisodiyotni ochish borasidagi saʼy-harakatlari savdo va investitsiyalar, texnologiyalar, moliya hamda halol sanoat sohalarida yangi imkoniyatlarni yaratdi.
Malayziya Janubi-Sharqiy Osiyoda O‘zbekiston uchun muhim hamkor bo‘la oladi. Chunki O‘zbekiston Markaziy Osiyoning, Malayziya esa Janubi-Sharqiy Osiyoning markazida joylashgan. Bundan ko‘rinib turibdiki, ikki tomonlama aloqalarni chuqurlashtirish uchun mustahkam asos mavjud.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi