Turkiyadan tabrik: Turkiy dunyo ichida O‘zbekiston bor ekan, istiqbol sari ishonchli ildamlashda davom etamiz
Yanvar 04, 2026. 08:30 • 3 daq
• 429
TOSHKENT, 4-yanvar. /“Dunyo” AA/. Turkiy davlatlar tashkiloti Oqsoqollar kengashi raisi Binali Yildirim Prezident Shavkat Mirziyoyevning parlament va O‘zbekiston xalqiga yo‘llagan Murojaatnomasi haqida fikr bildirdi:
– Yangi yilga ham qadam qo‘ydik. 2026-yilga marhabo dedik. Yangi yilda O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va butun qardosh o‘zbek xalqiga omonlik, tinchlik-xotirjamlik va farovonlik tilab qolaman. Turkiyadan 85 million qardoshingiz salomi va ehtiromini Sizlarga yubormoqdamiz.
Shavkat Mirziyoyev Prezident o‘laroq, so‘nggi 9 yil davomida, yaʼni 2016-yildan bugunga qadar ulug‘vor Yangi O‘zbekiston g‘oyasi ila mamlakatni tubdan yangiladi. Bu o‘zgarishning ilk nishonasini xorijiy valyuta bo‘yicha kursni erkinlashtirishda kuzatgan edik. Boshlang‘ichda baʼzilar tomonidan shubha ostiga olingan bo‘lsa-da, o‘rta va uzoq muddatda mazkur oqilona qarorning yaqqol natijalari ko‘zga tashlandi. Iqtisod barqaror yuksalib bordi, investitsiyalar miqdori ortdi, global darajadagi investorlar soni yuksaldi, mamlakatga kelib-ketuvchi mehmonlar-turistlar keskin ko‘paydi.
O‘zbekiston – dunyoga ochiq bir mamlakatga aylandi. Raqamlar bilan misol keltiradigan bo‘lsak, kishi boshiga milliy daromad 1700 dollardan qariyb 4000 dollargacha yuksalganini ko‘rayapmiz. Yalpi ichki mahsulot esa, 70 milliard dollardan 145 milliarddan yuqori raqamlargacha yetdi. O‘zbekistonga kelayotgan turistlar soni avvalgi 2 millionlardan keskin yuksalib, bugun 10 milliondan ko‘proq kishini tashkil etmoqda. Bularning barchasi – mazkur ulug‘vor g‘oyaning, Yangi O‘zbekiston fikrining yorqin natijalaridir.
O‘zim shaxsan 2017 yildan beri O‘zbekistonga tez-tez borib turaman. Har borganimda mamlakat ichidagi o‘zgarishlarni yaqindan kuzatish imkoniga ega bo‘lmoqdaman. Quvonarlisi, O‘zbekiston global sarmoyadorlarga o‘z eshiklarini ochgandan so‘ng yillik investitsiyalar avvalgi bir milliarddan bugun o‘nlab milliard dollarlarga yetdi. Bu nimani anglatadi? Bu yanada ko‘proq ish o‘rinlari deganidir, bu iqtisodga yangi texnologiyalarning kirib kelishi deganidir, iqtisodning o‘sishi natijasida xalq farovonligining yanada ortishi deganidir.
O‘zbekiston salohiyati juda yuksak. Aminmanki, kelgusi yillarda ham islohotlar bardavomligi bilan mamlakat mazkur imkoniyatlarni yuzaga chiqarishda davom etadi.
Bugun Turkiy davlatlar tashkilotimiz ichida aholi soni eng jadal o‘sib borayotgan mamlakat yillik qariyb 1 millionlik yuksalish (tug‘ilish) bilan O‘zbekiston hisoblanadi. Inson – eng katta boylikdir. Mol-mulkingiz, moddiy boyliklaringiz bugun bor, ertaga bo‘lmasligi mumkin. Ammo inson resurslari – hech qachon yo‘qolmaydigan eng qadrli boylikdir. Bu jihatdan O‘zbekistonning turkiy dunyoga qo‘shayotgan hissasini ko‘rib turibmiz. Turkiy dunyo ichida O‘zbekiston bor ekan, istiqbol sari ishonchli qadamlar bilan ildamlashda davom etamiz.
Ushbu fikr-mulohazalar bilan, yana bir bor Prezident Shavkat Mirziyoyev Janobi Oliylarini va qardosh o‘zbek xalqini yangi yil munosabati bilan samimiy qutlayman. Hurmatli Prezident tomonidan ilgari surilgan g‘oya va tashabbuslar uchun Turkiy dunyo nomidan, Turkiy davlatlar tashkiloti Oqsoqollar Kengashi rahbari o‘laroq chuqur minnatdorchiligimni bildiraman.
Yashasin O‘zbekiston! Yashasin turkiy davlatlar va turkiy dunyo qardoshligi!
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi