Turkiyadan munosabat: O‘zbekiston mintaqada tobora kuchli va barqaror investitsiya markaziga aylanib bormoqda
Dekabr 31, 2025. 21:16 • 2 daq
• 185
ANQARA, 3-yanvar. /“Dunyo” AA/. Turkiyadagi nufuzli “Cengiz Holding” kompaniyasi boshqaruvi raisi Mehmet Jengiz O‘zbekiston Prezidentining parlament va xalqqa yo‘llagan Murojaatnomasi haqida fikr bildirdi:
– Prezident Shavkat Mirziyoyev boshchiligida qardosh mamlakat – O‘zbekistonda amalga oshirayotgan keng ko‘lamli islohotlar jarayonini katta mamnuniyat bilan kuzatib kelamiz. Davlat rahbari taklif va tashabbuslari mamlakat taraqqiyotiga xizmat qilish barobarida, xalqaro darajadagi investorlarning ishonchini mustahkamlashga ham hissa qo‘shmoqda.
Bugun O‘zbekiston mintaqada kuchli va barqaror investitsiya markaziga aylanib borayotganiga guvoh bo‘lmoqdamiz.
Mamlakatingizda faoliyat yuritayotgan “Cenergo” kompaniyamiz tomonidan amalga oshirilayotgan investitsiya loyihalar xalqaro standartlarga muvofiq ravishda rivojlanib bormoqda. Aytishim kerakki, bugun Yangi O‘zbekistonda investorlar uchun ishonchli va xavfsiz muhit yaratilgan.
Kompaniyamizning yangidan yangi loyihalari ish o‘rinlarini ko‘paytirish barobarida, mehnat xavfsizligi hamda sifat nazorati tizimining rivojlanishiga zamin yaratmoqda.
Xalqaro sheriklarimiz bilan muzokaralar jarayonida O‘zbekistonni nafaqat katta salohiyatli davlat, balki huquqiy, savdo-tijoriy va moliyaviy jihatdan ishonchli, investorlar uchun qulay mamlakat sifatida eʼtirof etayotganiga guvoh bo‘layapmiz. Bu mamlakatingizga bo‘lgan qiziqishning kundan kunga ortib borayotganidan dalolat beradi.
O‘zbekiston Prezidentining Murojaatnomasi mamlakatda islohotlarni davom ettirish va kengaytirish, iqtisodiyot va ijtimoiy sohani modernizatsiya qilish, transportni rivojlantirish tendensiyasini yaqqol namoyish etadi. Umuman olganda, ushbu murojaat mamlakat rahbariyatining ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishning mavjud yutuqlari asosida kelajakka ishonch bilan qarashini ko‘rsatadi.
Fursatdan foydalanib, O‘zbekiston xalqini kirib kelgan yangi yil bilan samimiy qutlayman. Yangi yil barchamizga mustahkam sog‘liq, muvaffaqiyatlar va fayzu baraka olib kelsin.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi