Rossiyadan munosabat: O‘zbekiston yaqin yillarda daromadi o‘rtachadan yuqori bo‘lgan mamlakatlar qatoriga kirishni maqsad qilgan
Dekabr 31, 2025. 21:14 • 2 daq
• 88
MOSKVA, 1-yanvar. /“Dunyo” AA/. Jahon iqtisodiyoti va xalqaro munosabatlar instituti markaz rahbari Eduard Solovyov O‘zbekiston Prezidentining parlament va xalqqa yo‘llagan Murojaatnomasi haqida fikr bildirdi:
– O‘zbekiston Prezidentining Murojaatnomasi mamlakatda islohotlarni davom ettirish va kengaytirish, iqtisodiyot va ijtimoiy sohani modernizatsiya qilish, transportni rivojlantirish tendensiyasini yaqqol namoyish etadi. Umuman olganda, ushbu murojaat mamlakat rahbariyatining ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishning mavjud yutuqlari asosida kelajakka ishonch bilan qarashini ko‘rsatadi.
Mamlakat iqtisodiyoti o‘tgan 9 yilda yangi sifat kasb etdi. Bu yalpi ichki mahsulotning o‘sishi, xorijiy investitsiyalarning ko‘payishi, yangi sanoat tarmoqlarining ochilishi, transport-logistika infratuzilmasining jadal rivojlanishi, qishloq xo‘jaligi ishlab chiqarish ko‘rsatkichlarining sezilarli darajada o‘sishida namoyon bo‘ldi.
Eng muhim ijtimoiy belgilar – ishsizlik darajasining pasayishi (4,9 foiz) va kambag‘allik darajasining pastga tushishida (5,8 foiz) aks etdi. Islohotlar boshlangan paytda kambag‘allik darajasi 30 foizdan oshganini eslasak, bu juda katta oldinga siljishdir.
Mamlakat ichki bozorini kengaytirayotgan bu holat ichki bozorda talabni rag‘batlantirish va biznesni qo‘llab-quvvatlash uchun zamin yaratadi. Murojaatnomada yaqin yillarda daromadi o‘rtachadan yuqori bo‘lgan mamlakatlar qatoriga kirish hamda iqtisodiyotni texnologik va innovatsion o‘sish modeliga o‘tkazish kabi ulkan maqsadlar qo‘yilganiga guvoh bo‘lamiz.
Ixtisoslashtirilgan kasbiy tayyorgarlik tuzilmalarini rivojlantirish va mehnat bozorining yangi arxitekturasini shakllantirish muhim ustuvor yo‘nalishlar qatoriga kiradi.
Aholisi tez o‘sib borayotgan va yaxshi kasb-hunar taʼlimiga muhtoj yoshlar soni ko‘p bo‘lgan O‘zbekiston uchun o‘rta maxsus, kasb-hunar taʼlimi tizimini modernizatsiya qilish, xorijiy investorlarni jalb qilgan holda butun mamlakat bo‘ylab texnikumlar tarmog‘ini kengaytirish, oliy taʼlim tizimining ish sifatini oshirish muhim ustuvor yo‘nalishlardan biri hisoblanadi. Bu mamlakat rahbariyatining nafaqat taʼlim sohasi, balki yoshlar siyosati masalalariga ham doimiy eʼtiborini yaqqol ko‘rsatadi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi