O‘zbekiston va Hindiston strategik sheriklikni kengaytirish uchun yangi imkoniyatlar yaratmoqda
Avgust 29, 2026. 09:10 • 6 daq
• 99
TOSHKENT, 29-avgust. /“Dunyo” AA/. 29–30-avgust kunlari Hindiston Bosh vaziri rasmiy tashrif bilan O‘zbekistonda bo‘ladi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Bugungi kunda O‘zbekiston–Hindiston munosabatlari barqaror rivojlanish, siyosiy muloqotning yuqori darajasi hamda savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, transport, gumanitar va boshqa sohalardagi hamkorlikning izchil kengayib borayotgani bilan ajralib turadi.
Hindiston O‘zbekiston mustaqilligini 1991-yil 26-dekabr kuni olgan. Ikki davlat o‘rtasida diplomatik munosabatlar 1992-yil 18-mart kuni o‘rnatilgan. 1992-yil sentyabr oyida Dehlida O‘zbekiston konsulxonasi ochildi va 1994-yilda u elchixonaga aylantirildi. 1988-yil avgust oyida Toshkentda ochilgan Hindiston Bosh konsulxonasi 1992-yilda elchixona maqomiga ega bo‘ldi.
1991-yildan 2026-yilgacha bo‘lgan davrda oliy darajadagi 12 ta o‘zaro tashrifning amalga oshirilgani ikki davlat o‘rtasidagi siyosiy muloqot muntazam ekanidan dalolat beradi.
O‘zaro aloqalarni mustahkamlashda davlat rahbarlarining muntazam uchrashuvlari alohida o‘rin tutadi. 2018-yil 30-sentyabr – 1-oktyabr kunlari O‘zbekiston Prezidentining Hindistonga davlat tashrifi bo‘lib o‘tdi. 2019-yil 17–18-yanvar kunlari esa O‘zbekiston Prezidenti “Jo‘shqin Gujarat – 2019” xalqaro investitsiya sammitida ishtirok etish uchun amaliy tashrif bilan Hindistonda bo‘ldi.
2018–2019-yillardagi tashriflar doirasida umumiy qiymati 2,3 milliard dollarga teng 98 ta savdo-investitsiyaviy hujjat imzolandi.
2020-yil 11-dekabr kuni O‘zbekiston Prezidenti va Hindiston Bosh vazirining onlayn-sammiti bo‘lib o‘tdi. Uning yakunlari bo‘yicha to‘qqizta ikki tomonlama bitim imzolandi hamda Yaqin do‘stlik va mustahkam sheriklik to‘g‘risida qo‘shma bayonot qabul qilindi.
So‘nggi yillarda ham ikki mamlakat yetakchilarining aloqalari izchil rivojlanmoqda. 2024-yil 23-oktyabr kuni Qozon shahrida BRIKS sammiti doirasida O‘zbekiston Prezidentining Hindiston Bosh vaziri bilan uchrashuvi o‘tkazildi. 2025-yil 1-sentyabr kuni Tyanszin shahrida SHHT sammiti doirasida davlat yetakchilarining muzokaralari o‘tkazildi.
Parlamentlararo hamkorlik o‘zaro aloqalarning muhim yo‘nalishi hisoblanadi. 2020-yil iyun oyida Oliy Majlis Senati va Qonunchilik palatasida Hindiston parlamentining yuqori va quyi palatalari – Rajya Sabha va Lok Sabha bilan hamkorlik bo‘yicha parlamentlararo guruhlar tuzildi.
2025-yil fevral oyida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikeri tomonidan Hindiston parlamenti quyi palatasi – Lok Sabha bilan parlamentlararo hamkorlik guruhining yangi tarkibi tasdiqlandi.
Hindiston parlamenti quyi palatasi Spikeri Om Birla boshchiligidagi delegatsiyaning 2025-yil 5–11-aprel kunlari O‘zbekistonda bo‘lib o‘tgan Parlamentlararo ittifoqning 150-yubiley sessiyasi ishida ishtirok etishi muhim voqea bo‘ldi.
2026-yil fevral oyida Lok Sabha Spikeri tomonidan parlamentning yuqori va quyi palatalari vakillaridan iborat Oliy Majlis bilan hamkorlik bo‘yicha parlamentlararo guruhning yangi tarkibi tasdiqlanishi parlament diplomatiyasini yana-da rivojlantirish uchun qo‘shimcha imkoniyatlar yaratdi.
Savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlik O‘zbekiston–Hindiston sherikligida muhim ahamiyat kasb etadi. 1992-yilda qabul qilingan Iqtisodiy va savdo hamkorligi to‘g‘risidagi bitim ikki tomonlama iqtisodiy aloqalarning asosi bo‘lib, unga muvofiq o‘zaro savdoda eng ko‘p qulaylik yaratish rejimi joriy etilgan.
Shuningdek, 2024-yilda o‘zaro investitsiyalarni kengaytirish va uzoq muddatli loyihalarni amalga oshirish uchun qo‘shimcha shart-sharoitlar yaratuvchi Investitsiyalarni rag‘batlantirish va o‘zaro himoya qilish to‘g‘risidagi bitim ham imzolandi.
2025-yil yakunlariga ko‘ra, O‘zbekiston va Hindiston o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi 33,3 foizga o‘sib, 1,3 milliard dollardan oshdi. Ijobiy dinamika joriy yilda ham saqlanib qolmoqda. 2026-yilning yanvar–iyun oylarida o‘zaro savdo hajmi 598 million dollarga yetdi, bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 28,5 foizga ko‘pdir.
O‘zaro savdo tarkibi xilma-xilligi bilan ajralib turadi. O‘zbekiston eksportining asosini kimyo mahsulotlari, xizmatlar, qimmatbaho va yarim qimmatbaho toshlar, rangli metallar hamda ulardan tayyorlangan buyumlar tashkil etadi.
Hindistondan qilinadigan importda esa farmatsevtika mahsulotlari, oziq-ovqat tovarlari, mexanik uskunalar, transport vositalari va ehtiyot qismlari, kimyo va elektrotexnika mahsulotlari salmoqli ulushga ega.
1992-yildan buyon faoliyat yuritib kelayotgan Savdo-iqtisodiy va ilmiy-texnikaviy hamkorlik bo‘yicha hukumatlararo komissiya iqtisodiy aloqalarni rivojlantirishning muhim mexanizmi hisoblanadi. 2026-yil 19-iyun kuni Toshkentda Hukumatlararo komissiyaning 14-yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi va uning doirasida ikki mamlakatning 150 nafardan ortiq tadbirkori ishtirokida O‘zbekiston–Hindiston biznes-forumi uyushtirildi. Farmatsevtika, taʼlim, axborot texnologiyalari va “yashil” energetika sohalaridagi qo‘shma loyihalarga alohida eʼtibor qaratildi.
2026-yil 3-avgust kuni Dehli shahrida bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston–Hindiston biznes-forumi ishbilarmonlik aloqalariga qo‘shimcha turtki berdi. Bunday platformalarning o‘tkazilishi tadbirkorlar o‘rtasidagi to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalarni kengaytirish, qo‘shma loyihalarni ilgari surish va o‘zaro manfaatli hamkorlikning yangi yo‘nalishlarini izlashga xizmat qiladi.
Madaniy-gumanitar hamkorlik O‘zbekiston–Hindiston munosabatlarida alohida o‘rin tutadi va ikki mamlakat xalqlarining tarixiy rishtalari hamda bir-birining madaniy-maʼnaviy merosiga bo‘lgan o‘zaro qiziqishiga tayanadi.
1995-yilda Toshkentda ochilgan Hindiston madaniyat markazi gumanitar aloqalarni rivojlantirishda muhim maskan hisoblanadi. 2005-yilda u Lal Bahodur Shastri nomidagi Hindiston madaniyat markazi deb qayta nomlandi.
1998-yildan buyon Dehlida Hindiston–O‘zbekiston do‘stlik jamiyati faoliyat yuritib, ikki mamlakat o‘rtasidagi ijtimoiy va madaniy aloqalarni mustahkamlashga hissa qo‘shib kelmoqda.
Taʼlim sohasidagi hamkorlikni rivojlantirishga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Toshkent shahridagi 24-sonli maktab, Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti, Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti hamda ushbu oliy o‘quv yurtining akademik litseyida hind tili o‘qitiladi.
O‘zbekistonda Hindistonning to‘rtta oliy taʼlim muassasasi – Toshkentdagi Amiti universiteti, Andijondagi Sharda universiteti, Jizzaxdagi Sambhram universiteti va Buxorodagi Acharya universitetining filiallari faoliyat yuritmoqda. Asosiy taʼlim yo‘nalishlari axborot-kommunikatsiya texnologiyalari, elektrotexnika va biznes-menejmentni o‘z ichiga oladi.
2019-yil 24-iyul kuni Toshkent shahrida Dasturiy mahsulotlar va axborot texnologiyalari texnologik parkining tashkil etilishi texnologik va taʼlim sohalaridagi hamkorlikni rivojlantirishda muhim omil bo‘ldi.
Talabalar almashinuvi sezilarli darajada kengaymoqda. 2026-yil maʼlumotlariga ko‘ra, O‘zbekiston oliy taʼlim muassasalarida 13 mingdan ortiq hindistonlik talaba tahsil olmoqda.
Shu bilan birga, Hindistonda o‘zbek tili va adabiyotini o‘rganish ham rivojlanib bormoqda. 2026–2027-o‘quv yilidan boshlab Dehlidagi Jamiya Milliya Islomiya universitetida 2004-yildan buyon faoliyat yuritib kelayotgan o‘zbek tili va adabiyoti bo‘yicha qisqa muddatli kurslar bakalavriatning akademik dasturi darajasiga ko‘tarildi. Universitetning ikkita o‘quv binosiga Sharqning buyuk mutafakkirlari – Abu Rayhon Beruniy va Abu Ali ibn Sino nomlari berilgan.
O‘zbekiston va Hindiston o‘rtasidagi sayyohlik aloqalari ijobiy o‘sish surʼatlarini namoyon etmoqda. O‘zbekistonga tashrif buyurgan hindistonlik sayyohlar soni 2020-yildagi 4,8 mingdan 2025-yilga kelib 80 ming kishidan oshdi.
O‘zbekiston va Hindiston ko‘p tomonlama darajada faol hamkorlik qilib, umumiy manfaatlarni ilgari surish va siyosiy muloqotni rivojlantirishda xalqaro va mintaqaviy tashkilotlardan muhim platforma sifatida foydalanmoqda.
Ikki davlat Birlashgan Millatlar Tashkiloti, Shanxay hamkorlik tashkiloti, BRIKS, Jahon savdo tashkiloti va Qo‘shilmaslik harakati doirasida yaqindan hamkorlik qilmoqda.
Hamkorlikning muhim yo‘nalishlaridan biri “Hindiston – Markaziy Osiyo” formatidir. U Hindiston va mintaqa davlatlari o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlash uchun qo‘shimcha imkoniyatlar yaratadi. Shuningdek, O‘zbekiston rivojlanayotgan mamlakatlarni birlashtirgan va ularning manfaatlarini xalqaro kun tartibida ilgari surishga qaratilgan “Global Janub ovozi” formatida ham faol ishtirok etmoqda.
O‘zbekiston–Hindiston munosabatlarining jadal rivojlanishi siyosiy, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, gumanitar va hamkorlikning boshqa sohalarini qamrab oluvchi shakllangan shartnomaviy-huquqiy bazaga tayanadi. Bugungi kunga qadar O‘zbekiston va Hindiston o‘rtasida 110 dan ziyod hujjat imzolangan.
O‘zbekiston va Hindiston sheriklikni yana-da kengaytirish uchun salmoqli salohiyatga egadir. Siyosiy ishonch, o‘sib borayotgan iqtisodiy aloqalar, sarmoyaviy imkoniyatlar, gumanitar hamkorlik va mintaqaviy o‘zaro bog‘liqlikni mustahkamlashdagi umumiy manfaatlarning uyg‘unligi yangi keng ko‘lamli loyihalarga o‘tish hamda keng qamrovli strategik sheriklikning uzoq muddatli maqsadlariga erishish uchun mustahkam zamin yaratadi.
O‘zbekiston Prezidenti Matbuot xizmati arxividan olingan surat
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi