Bokudan munosabat: Ozarbayjon–O‘zbekiston sammiti yurtimiz va xalqlarimiz o‘rtasidagi qardoshlikni yanada mustahkamladi
Avgust 26, 2026. 09:25 • 5 daq
• 276
BOKU, 26 -vgust. /“Dunyo” AA/. Taniqli ozarbayjonlik siyosatshunos va tahlilchi Ilgar Velizade “Dunyo” AAga Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyevning 23–24-avgust kunlari O‘zbekistonga amalga oshirgan davlat tashrifi yakunlari yuzasidan o‘z fikr-mulohazalarini bildirdi:
– So‘nggi yillarda Ozarbayjon va O‘zbekiston Prezidentlarining anʼanaviy o‘zaro uchrashuvlari munosabatlarning shartnomaviy-huquqiy bazasini mustahkamlab, ikki tomonlama hamkorlik darajasini bosqichma-bosqich yuksaltirmoqda.
So‘nggi besh yil ichida Ilhom Aliyev va Shavkat Mirziyoyev oliy darajadagi 15 ta o‘zaro tashrif doirasida uchrashdi. Bu davrda ikki mamlakat munosabatlari bir necha bosqichdan o‘tdi. 2022 yilda Strategik sheriklikni chuqurlashtirish va har tomonlama hamkorlikni kengaytirish to‘g‘risidagi deklaratsiya, 2023 yilda Oliy davlatlararo kengash taʼsis etildi. 2024 yil avgust oyida tomonlar Ittifoqchilik munosabatlari to‘g‘risidagi shartnomani imzoladi. Ilhom Aliyevning 23–24 avgust kunlaridagi O‘zbekistonga davlat tashrifi ushbu anʼanani davom ettirdi.
Ayni paytda siyosiy yaqinlashuv iqtisodiyot bilan tobora mustahkamlanmoqda. Ozarbayjon Prezidentining O‘zbekiston Milliy axborot agentligi – O‘zAga bergan intervyusida keltirgan maʼlumotlariga ko‘ra, 2023 yilda ikki davlat o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi uch baravardan ko‘proqqa o‘sib, 195 million dollarga yetgan.
Bu ikki tomonlama hamkorlikning ulkan salohiyatidan dalolat beruvchi katta o‘sishdir. Qolaversa, bu hali chegara emas. 2024 yilning yanvar–may oylarida tovar ayirboshlash hajmi o‘tgan yilning shu davriga nisbatan yana 33 foizga oshdi. Uch yil avval tashkil etilgan, 500 million dollarlik sarmoyaga ega Ozarbayjon–O‘zbekiston investitsiya kompaniyasi o‘zaro qo‘shma loyihalarni moliyalashtirib, o‘zaro savdoni yana-da rag‘batlantirmoqda.
Ishlab chiqarish kooperatsiyasi ham kengaymoqda. Ozarbayjonda ayni paytda o‘zbek sarmoyasi ishtirokidagi 130 dan ortiq tijorat tashkiloti faoliyat yuritmoqda. “Chevrolet” avtomobillari va “Isuzu” avtobuslarini birgalikda ishlab chiqarish rivojlanmoqda. O‘z navbatida, Ozarbayjon biznesi O‘zbekistondagi yirik loyihalarga, jumladan, Toshkent shahridagi “The Ritz-Carlton” va Toshkent viloyatidagi “Sea Breeze Uzbekistan” mehmonxona-turarjoy majmualariga sarmoya kiritmoqda.
Bu o‘rinda iqtisodiyotning o‘zi shunchaki muhim emas. Aynan u siyosiy yaqinlikni o‘zaro manfaatlarning barqaror tizimiga aylantiradi. Qo‘shma investitsiyalar, ishlab chiqarish, savdo va logistika har ikki tomonning mavjud munosabatlarni saqlash va yana-da rivojlantirishdan moddiy manfaatdorligini yuzaga keltiradi.
Ozarbayjon uchun O‘zbekiston bilan hamkorlik Markaziy Osiyo bilan yana-da yaqinlashuv jarayonining bir qismi sifatida muhim ahamiyatga ega. O‘zbekiston yirik ichki bozor, salmoqli sanoat salohiyati va jadal rivojlanayotgan iqtisodiyotga ega. Toshkent uchun esa Ozarbayjon nafaqat bozor va sarmoya manbai, balki Turkiya va Yevropaga yo‘ldagi muhim tranzit halqasidir. Shu bois, ikki mamlakatning iqtisodiy yaqinlashuvi transport sohasidagi hamkorlikni rivojlantirish bilan bevosita bog‘liqdir.
Ozarbayjon va O‘zbekiston Kaspiyning ikki sohilida joylashgan bo‘lib, amalda Markaziy Osiyo, Janubiy Kavkaz, Turkiya va Yevropa o‘rtasidagi yo‘nalishning eng muhim bo‘g‘inlarini tashkil etadi. 2025 yilda mamlakatlar o‘rtasidagi tranzit tashuvlari hajmi 6,7 foizga o‘sib, 1,4 million tonnaga yetdi. 2026 yilning birinchi yarmida esa o‘sish yana 12,2 foizni tashkil qildi.
Xitoy–Qirg‘iziston–O‘zbekiston temir yo‘li rivojlangani sari bu yo‘nalishning ahamiyati yana-da ortib boradi. Uning Kaspiy dengizi orqali O‘rta yo‘lak bilan bog‘lanishi Xitoy va Markaziy Osiyodan Ozarbayjon orqali Turkiya hamda Yevropa bozorlariga yana-da yaxlit marshrutni shakllantirish imkonini beradi. Shu bois transport sohasi asta-sekin Boku va Toshkent hamkorligining yo‘nalishlaridan biri bo‘lishdan chiqib, har ikki mamlakatning strategik manfaatiga aylanib bormoqda.
Bularning barchasi hozirgi yaqinlashuvni yana-da kengroq mintaqaviy jarayonning bir qismiga aylantirmoqda. Ozarbayjon Markaziy Osiyo bilan tobora faolroq integratsiyalashmoqda. 2025 yilda uning Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining Maslahatlashuv uchrashuvlarida to‘laqonli ishtirok etishi to‘g‘risida qaror qabul qilindi. Shunday qilib, Markaziy Osiyoning avvalgi besh davlatdan iborat formati Ozarbayjonning qo‘shilishi bilan amalda kengaydi.
Turkiy davlatlar tashkiloti doirasida Boku va Toshkent hamkorligiga alohida ahamiyat qaratilmoqda. Ozarbayjon va O‘zbekiston TDTning rolini kuchaytirish hamda uni asosan maslahat maydonchasidan siyosiy va iqtisodiy salmog‘i ortib borayotgan nufuzliroq birlashmaga aylantirish tarafdoridir.
Bu bejiz emas, chunki global siyosiy beqarorlik sharoitida TDT eng barqaror va bashorat qilish mumkin bo‘lgan mintaqaviy platformalardan biriga aylanmoqda. Tashkilot ishtirokchilari o‘rtasida o‘z xalqlarining tub manfaatlarini inobatga olish va ro‘yobga chiqarish imkonini beradigan munosabatlar shakllangan, maqsadlar mushtarakligi esa aniq iqtisodiy, transport va investitsiya loyihalari bilan tobora mustahkamlanmoqda.
Ozarbayjon va O‘zbekiston uchun TDTning kuchayishi bir vaqtning o‘zida Janubiy Kavkaz va Markaziy Osiyo o‘rtasidagi hamkorlik makonining kengayishini anglatadi hamda yana-da mustaqil mintaqaviy siyosat yuritish uchun qo‘shimcha imkoniyatlar yaratadi.
Nihoyat, ikki xalqning tarixiy va madaniy yaqinligi, umumiy anʼanalari va til qardoshligi munosabatlarning muhim asosi bo‘lib qolmoqda. Prezident Ilhom Aliyev O‘zbekistonga tashriflaridan birida o‘zbek tilini qiynalmasdan tushunishini taʼkidlagan edi. Bir qarashda bu shunchaki ramziy bir jihatdek tuyulishi mumkin, biroq madaniy va lingvistik yaqinlik haqiqatan ham ikki mamlakat jamiyatlari o‘rtasidagi o‘zaro qiziqishning ortishiga hissa qo‘shadi.
Bu, ayniqsa, turizm sohasida yaqqol namoyon bo‘lmoqda. To‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaqatnovlarning kengayishi, viza to‘siqlarining yo‘qligi va nisbiy geografik yaqinlik o‘zaro safarlarni tobora osonlashtirmoqda. Ozarbayjonlik sayyohlarni O‘zbekistonga, avvalo, Samarqand, Buxoro va Xiva jalb qilsa, o‘zbekistonlik sayyohlar uchun Boku, Qorabog‘ va mamlakatning boshqa dam olish maskanlari jozibasi ortib bormoqda. Anʼanalar, taomlar va turmush tarzining o‘xshashligi odamlar o‘rtasidagi muloqotni yana-da yengillashtiradi.
Turizm sohasi Ozarbayjon va O‘zbekiston munosabatlari rivojida muhim ahamiyatga ega. O‘zaro sayohatlar sonining ortishi nafaqat davlatlar va biznes darajasidagi, balki bevosita jamiyatlar o‘rtasidagi aloqalarni ham kengaytirmoqda.
Aynan shuning uchun ham ushbu davlat tashrifi bugungi kunda nafaqat tarixiy va madaniy yaqinlikka, balki aniq siyosiy, iqtisodiy va strategik manfaatlarga ham tayanadigan Ozarbayjon–O‘zbekiston birodarligini mustahkamlash yo‘lidagi navbatdagi qadam bo‘ldi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi