O‘zbekiston–Ozarbayjon: tarixiy aloqalardan strategik ittifoqchilik sari
Avgust 22, 2026. 09:10 • 7 daq
• 279
TOSHKENT, 22-avgust. /“Dunyo” AA/ Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev 23–24-avgust kunlari davlat tashrifi bilan O‘zbekistonga keladi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
O‘zbekiston va Ozarbayjon o‘rtasidagi munosabatlar so‘nggi yillarda mazmun va ko‘lam jihatidan yangi bosqichga ko‘tarildi. Tarixiy-madaniy yaqinlik, umumiy turkiy qadriyatlar va xalqlar o‘rtasidagi samimiy munosabatlar siyosiy ishonch va amaliy hamkorlik uchun mustahkam zamin yaratmoqda.
2017-yildan keyin O‘zbekiston–Ozarbayjon munosabatlari faol va izchil rivojlanib, strategik sheriklikdan ittifoqchilik darajasiga ko‘tarildi. Bugungi hamkorlik nafaqat o‘zaro aloqalar, balki Markaziy Osiyo va Janubiy Kavkaz o‘rtasidagi mintaqalararo bog‘liqlikni kuchaytirish nuqtai nazaridan ham muhim ahamiyat kasb etmoqda.
O‘zbekiston va Ozarbayjon o‘rtasida diplomatik munosabatlar 1995-yil 2-oktyabr kuni o‘rnatilgan. 1996- yilda Bokuda Do‘stlik va hamkorlik to‘g‘risidagi shartnomaning imzolanishi ikki mamlakat munosabatlarining huquqiy poydevorini yaratdi. Keyingi yillarda strategik sheriklikni mustahkamlashga qaratilgan yangi kelishuvlar bilan mazkur huquqiy baza tobora boyib bordi.
Munosabatlarning bugungi yuksak darajaga ko‘tarilishida davlat rahbarlari o‘rtasidagi ishonchli va muntazam muloqot hal qiluvchi ahamiyat kasb etdi. Prezidentlarning strategik ahamiyatga ega uchrashuvlari mamlakatlar o‘rtasidagi siyosiy hamjihatlikni mustahkamlamoqda.
2022-yil iyun oyida Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyevning O‘zbekistonga davlat tashrifi munosabatlarni yana-da kengaytirdi. Tashrif davomida strategik sheriklikni chuqurlashtirish va har tomonlama hamkorlikni kengaytirish to‘g‘risida deklaratsiya qabul qilindi.
2023-yil avgust oyida O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Ozarbayjonga davlat tashrifi esa ikki tomonlama aloqalarni institutsional jihatdan mustahkamlashda muhim qadam bo‘ldi. Tashrif doirasida Oliy davlatlararo kengashni tashkil etish to‘g‘risida kelishuvga erishildi. Mazkur mexanizm davlat rahbarlari darajasidagi strategik muloqotni yana-da kengaytirdi.
Bundan bir necha yil avval O‘zbekiston yetakchisi Qorabog‘ hududining Ozarbayjonga qaytarilishini “tarixiy adolatni tiklash yo‘lidagi g‘alaba” deya taʼriflab, ushbu zamindagi ko‘hna obidalar, madaniyat va maʼrifat maskanlarini qayta tiklash ishlariga ko‘mak berishga tayyor ekanini taʼkidlagan edi.
Ana shu ezgu niyatlarning amaliy ifodasi sifatida 2023-yildagi tashrif doirasida Ozarbayjonning Fuzuliy shahrida davlatimiz rahbari tashabbusi bilan bunyod etilgan va 960 ta o‘quvchiga mo‘ljallangan Mirzo Ulug‘bek nomidagi umumtaʼlim maktab mamlakat yetakchilari ishtirokida tantanali ravishda ochildi.
Yangi o‘quv dargohi bugun nafaqat zamonaviy taʼlim maskani, balki O‘zbekiston va Ozarbayjon xalqlarini yana-da yaqinlashtiruvchi, ozarbayjonlik yoshlarni yurtimizning boy tarixi va madaniyati, buyuk ajdodlarimiz ilmiy-maʼrifiy merosi bilan tanishtirishga xizmat qilayotgan muhim maʼnaviy-maʼrifiy muassasaga aylandi.
2025-yil 16-noyabr kuni Toshkentda bo‘lib o‘tgan Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining yettinchi Maslahat uchrashuvida Ozarbayjon ham ushbu formatga to‘la huquqli ishtirokchi sifatida qo‘shildi. Bu qaror O‘zbekiston Prezidenti raisligida qabul qilinib, Ozarbayjonning mazkur formatdagi ishtirokini izchil qo‘llab-quvvatlagan. O‘sha sammitda Shavkat Mirziyoyev Ozarbayjonning qo‘shilishi Markaziy Osiyo bilan Janubiy Kavkaz o‘rtasida mustahkam ko‘prik barpo etish, yagona hamkorlik makonini shakllantirish uchun yangi imkoniyatlar ochishini taʼkidladi.
O‘zbekiston–Ozarbayjon munosabatlarida eng muhim yo‘nalishlardan biri iqtisodiy hamkorlikdir. So‘nggi yillarda o‘zaro savdo hajmi bir necha barobar oshib, ikki mamlakat iqtisodiy salohiyatini bir-biriga yaqinlashtirish uchun yangi imkoniyatlar yaratildi.
2017-yilda 32 million dollarni tashkil etgan tovar ayirboshlash hajmi 2025-yilda 300 million dollardan oshdi. Tomonlar yaqin yillarda o‘zaro savdo va investitsiyalar hajmini 1 milliard dollarga yetkazishni maqsad qilgan.
Hamkorlikning mazmuni ham sezilarli o‘zgarmoqda. Agar avval asosiy eʼtibor savdo operatsiyalariga qaratilgan bo‘lsa, bugun investitsiya, sanoat kooperatsiyasi va qo‘shma ishlab chiqarish loyihalari tobora muhim o‘rin egallamoqda. 2023-yilda ustav kapitali 500 million dollar bo‘lgan qo‘shma investitsiya fondini tashkil etish to‘g‘risida kelishuvga erishilgani yirik loyihalarni moliyalashtirish uchun muhim mexanizm yaratdi.
Hozirda O‘zbekistonda Ozarbayjon kapitali ishtirokida 470 tadan ziyod korxona faoliyat yuritmoqda. Ular sanoat, energetika, qurilish, oziq-ovqat, yengil sanoat, moliya va xizmatlar sohalarini qamrab olgan. Ayni paytda Ozarbayjonda ham O‘zbekiston kompaniyalarining faoliyati kengayib bormoqda.
Mashinasozlik, energetika, kimyo, tog‘-kon, to‘qimachilik, qishloq xo‘jaligi, shaharsozlik va qurilish sohalarida amalga oshirilayotgan loyihalar o‘zaro iqtisodiy hamkorlikning amaliy mazmunini boyitmoqda. Biznes forumlarida shakllanayotgan yirik loyihalar portfeli esa xususiy sektorning ushbu jarayondagi roli ortib borayotganini ko‘rsatmoqda.
Energetika sohasidagi hamkorlik ham istiqbolli yo‘nalishlardan biriga aylanmoqda. 2025-yil iyul oyida Ozarbayjonning SOCAR davlat neft kompaniyasi va “O‘zbekneftegaz” AJ o‘rtasida Ustyurt neft-gaz mintaqasidagi investitsiya bloklarida geologiya-qidiruv ishlarini olib borish va keyinchalik uglevodorodlarni qazib olishni nazarda tutuvchi mahsulotni taqsimlash to‘g‘risidagi bitim imzolandi.
Bitim energetika sohasidagi sheriklikni yangi bosqichga olib chiqib, uglevodorod resurslarini qidirish va o‘zlashtirish borasida uzoq muddatli hamkorlik uchun mustahkam zamin yaratdi.
O‘zbekiston va Ozarbayjonning geografik joylashuvi transport sohasidagi hamkorlik uchun alohida strategik ahamiyatga ega. Markaziy Osiyoni Kaspiy dengizi, Janubiy Kavkaz va Yevropa bozorlari bilan bog‘laydigan Transkaspiy xalqaro transport yo‘lagi – O‘rta yo‘lak ikki mamlakat manfaatlari kesishadigan asosiy yo‘nalishlardan biridir.
2022-yilda O‘zbekiston, Ozarbayjon va Turkiya o‘rtasida tashqi ishlar, iqtisodiyot va transport vazirlari darajasida uch tomonlama muloqotning yo‘lga qo‘yilishi ham shu maqsadga xizmat qildi. Keyinchalik mazkur format transport, logistika va mintaqaviy iqtisodiy bog‘liqlikni kuchaytirish vositalaridan biriga aylandi.
O‘zbekiston uchun Ozarbayjon orqali Yevropa bozorlariga chiqish eksport geografiyasini kengaytirish, yetkazib berish marshrutlarini diversifikatsiya qilish va tashqi savdoning barqarorligini taʼminlash nuqtai nazaridan muhim. Ozarbayjon uchun esa Markaziy Osiyoning yirik bozorlari va ishlab chiqarish salohiyati bilan yaqinlashish yangi iqtisodiy imkoniyatlarni ochadi.
Elektron ruxsatnomalarni joriy etish, yuk tashish hajmini oshirish va aviaqatnovlarni kengaytirish bo‘yicha amaliy choralar transport hamkorligi siyosiy maqsadlar bilan cheklanib qolmayotganini, balki real iqtisodiy mazmun kasb etayotganini ko‘rsatmoqda.
Ikki tomonlama munosabatlarning yana bir muhim xususiyati – hamkorlikning hududlar, biznes, taʼlim muassasalari va jamoatchilikkacha kengayib borayotganidir.
Toshkent, Guba va Bokuda o‘tkazilgan O‘zbekiston–Ozarbayjon hududlararo forumlarida ko‘plab kelishuvlar imzolandi. Samarqand va Ganja, Xiva va Shusha, Buxoro va Lenkoran, Qo‘qon va Sheki kabi shaharlar o‘rtasidagi aloqalar savdo va investitsiyadan tashqari turizm, madaniyat va tajriba almashinuvi uchun ham yangi imkoniyatlar yaratmoqda.
Madaniy-gumanitar aloqalar esa ikki xalqni bir-biriga bog‘lab turuvchi eng mustahkam omillardan biridir. Alisher Navoiy va Nizomiy Ganjaviy kabi buyuk mutafakkirlar merosi, umumiy turkiy madaniy makon, musiqa, adabiyot va sanʼat sohalaridagi yaqinlik ikki mamlakat xalqlari o‘rtasidagi maʼnaviy mushtaraklikni yana-da kuchaytirmoqda.
Toshkentda Nizomiy Ganjaviy va Haydar Aliyevga bag‘ishlangan majmualar, Bokuda Alisher Navoiy haykali kabi ramziy tashabbuslar xalqlar o‘rtasidagi hurmat va do‘stlikning yorqin ifodasidir. Madaniyat kunlari, kinofestivallar, teatr gastrollari, ilmiy anjumanlar va sanʼat tadbirlarining muntazam tashkil etilishi bu yaqinlikni amaliy mazmun bilan boyitmoqda.
Taʼlim sohasida rektorlar forumlarining tashkil etilishi, oliy taʼlim muassasalari o‘rtasida yangi shartnomalarning imzolanishi umumiy taʼlim va ilmiy makon shakllanayotganidan dalolat beradi. Yoshlar almashinuvi, turizm va gumanitar muloqotlarning kengayishi esa uzoq muddatda ittifoqchilik munosabatlarining ijtimoiy poydevorini yana-da mustahkamlaydi.
O‘zbekiston va Ozarbayjon o‘rtasidagi ittifoqchilik faqat ikki davlat munosabatlari doirasidagi jarayon emas. U Markaziy Osiyo va Janubiy Kavkazning o‘zaro yaqinlashuvida muhim omilga aylanmoqda.
Ikki davlat Birlashgan Millatlar Tashkiloti, Qo‘shilmaslik harakati, Turkiy davlatlar tashkiloti, Islom hamkorlik tashkiloti, Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti va boshqa ko‘p tomonlama platformalar doirasida hamkorlik qilib, qator mintaqaviy va global masalalarda pozitsiyalarini muvofiqlashtirib kelmoqda. Bugun O‘zbekiston–Ozarbayjon munosabatlari institutsional jihatdan mustahkam, iqtisodiy mazmun bilan boyigan va jamoatchilik darajasida kengayib borayotgan chinakam ittifoqchilik modeliga aylanmoqda. Endi asosiy vazifa erishilgan siyosiy kelishuvlarni aniq iqtisodiy, texnologik va gumanitar natijalarga aylantirishdan iborat.
Bu borada o‘zaro savdoni 1 milliard dollarga yetkazish, qo‘shma investitsiya mexanizmlaridan samarali foydalanish, sanoat kooperatsiyasini kengaytirish, O‘rta yo‘lak salohiyatini to‘liq ishga solish, “yashil” energetika loyihalarini ilgari surish, raqamli texnologiyalar va innovatsiyalar sohasida hamkorlik qilish ustuvor vazifalar bo‘lib qoladi. Hududlararo aloqalar, taʼlim, ilm-fan, turizm va madaniy-gumanitar muloqotni yana-da kengaytirish esa ittifoqchilikning xalqlar hayotidagi amaliy samarasini oshiradi.
Xulosa qilib aytganda, O‘zbekiston va Ozarbayjon munosabatlari qisqa davr ichida shiddatli evolyutsiyani boshdan kechirdi. Diplomatik aloqalardan do‘stlik va strategik sheriklikka, undan esa institutsional jihatdan mustahkamlangan ittifoqchilik munosabatlarigacha bo‘lgan yo‘l bosib o‘tildi. Bu jarayonning asosida siyosiy ishonch, o‘zaro manfaat, tarixiy-madaniy yaqinlik va kelajak taraqqiyotiga bo‘lgan mushtarak qarash mujassam.
O‘zbekiston Prezidenti Matbuot xizmati
arxividan olingan surat
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi