Madriddan munosabat: Abadiy do‘stlik to‘g‘risidagi shartnoma O‘zbekiston va Ozarbayjonning yangi yutuqlariga zamin yaratadi
Avgust 25, 2026. 08:10 • 5 daq
• 409
MADRID, 25 avgust. /“Dunyo” AA/. Ispaniyadagi Umum-Yevropa ittifoqi prezidenti, professor Karlos Uriarte Sanches “Dunyo” AAga Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyevning 23–24-avgust kunlari O‘zbekistonga amalga oshirgan davlat tashrifi yakunlari yuzasidan o‘z fikr-mulohazalarini bildirdi:
– Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyevning O‘zbekistonga davlat tashrifi va Oliy davlatlararo kengashning uchinchi yig‘ilishi ikki mamlakat munosabatlari rivojida muhim voqea bo‘ldi. Oliy darajadagi muzokaralar o‘zaro yuksak ishonch, siyosiy yaqinlik hamda strategik sheriklik va ittifoqchilikni yanada mustahkamladi.
O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning mamlakatning xalqaro nufuzini mustahkamlash, strategik sheriklar doirasini kengaytirish va erishilgan siyosiy kelishuvlarni aniq amaliy natijalarga aylantirishga qaratilgan izchil va uzoqni ko‘zlagan siyosati alohida e’tiborga loyiq. Aynan shunday yondashuv O‘zbekiston va Ozarbayjon o‘rtasidagi munosabatlarni sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqish imkonini berdi.
Tashrifning eng muhim natijalaridan biri O‘zbekiston va Ozarbayjon o‘rtasida Abadiy do‘stlik to‘g‘risidagi shartnomaning imzolangani bo‘ldi. Mazkur hujjat tarixiy ahamiyatga ega bo‘lib, ikki qardosh xalq o‘rtasidagi alohida munosabatlar ramzidir. U o‘zaro hurmat, ishonch va uzoq muddatli hamkorlikka intilishni mustahkamlab, strategik sheriklik va ittifoqchilikni yanada rivojlantirish uchun mustahkam poydevor yaratadi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev sheriklikning eng muhim ko‘rsatkichi nafaqat siyosiy bayonotlar, balki aniq, ko‘zga ko‘rinadigan ishlar ekanini ta’kidladi. Erishilgan kelishuvlar ushbu tamoyilga to‘la mos keladi. So‘nggi besh yilda ikki mamlakat o‘rtasidagi savdo hajmi uch baravar ortdi. Shu bilan birga, 2030 yilga borib o‘zaro tovar ayirboshlash hajmini 1 milliard dollarga yetkazishdek yuksak maqsad belgilangan. Unga erishish uchun aniq amaliy chora-tadbirlarni o‘z ichiga olgan maxsus dastur qabul qilinmoqda.
Investitsiya va ishlab chiqarish sohalaridagi hamkorlikni kengaytirish, ayniqsa, muhim. Hozirgi kunda energetika, kimyo va kon-metallurgiya sanoati, to‘qimachilik, qishloq xo‘jaligi, shaharsozlik va boshqa yo‘nalishlarda yangi loyihalar amalga oshirilmoqda. Qo‘shma investitsiya kompaniyasi mablag‘larini faol jalb etish yangi tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlash va o‘zaro biznesni kengaytirishga xizmat qiladi.
Transport sohasidagi o‘zaro bog‘liqlikni kuchaytirish va O‘rta yo‘lakni birgalikda rivojlantirish to‘g‘risidagi kelishuv strategik ahamiyatga ega. Xalqaro savdo hajmi o‘sib, logistika yo‘nalishlari o‘zgarib borayotgan bir sharoitda O‘zbekiston va Ozarbayjonning ushbu sohadagi hamkorligi tashqi iqtisodiy aloqalarni kengaytirish, tranzit salohiyatini oshirish hamda mintaqaviy transport jarayonlarida ikki davlatning rolini mustahkamlash uchun keng imkoniyatlar ochadi.
Gumanitar hamkorlik ham muhim yo‘nalishdir. Ikki mamlakat yetakchilari madaniyat, ta’lim, yoshlar siyosati va sport sohalarida faol almashinuvlarni davom ettirishga kelishib oldi. Nizomiy Ganjaviy nomidagi Milliy pedagogika universitetining yangi binosi ochilishi va Yangi Toshkentda “Ozarbayjon” bog‘ining barpo etilishi yaqin gumanitar aloqalarning yorqin timsolidir.
“Nizomiy Ganjaviy va Alisher Navoiy o‘rtasidagi adabiy ko‘prik” nomli qo‘shma kinolenta yaratish tashabbusi alohida diqqatga sazovor. Bu buyuk mutafakkirlarning ijodiy merosi ikki xalqning madaniy an’analarini birlashtiradi. Bunday loyihalar ma’naviy yaqinlikni mustahkamlashda va yosh avlodni umumiy tarixiy-madaniy qadriyatlar bilan tanishtirishda katta ahamiyatga ega.
Ta’lim sohasidagi hamkorlik ham muhim yo‘nalishga aylanmoqda. Ozarbayjonda yetakchi oliy ta’lim muassasalari rektorlarining ikkinchi forumi o‘tkazilishi oliy bilim yurtlari o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalar o‘rnatish, tajriba almashish, qo‘shma ta’lim dasturlarini amalga oshirish va akademik hamkorlikni rivojlantirish uchun qo‘shimcha imkoniyatlar yaratadi.
Sport sohasidagi hamkorlik ham istiqbolli. 2027 yilda yoshlar o‘rtasida futbol bo‘yicha jahon chempionati o‘tkazilishi munosabati bilan qo‘shma sport, madaniy va yoshlar tadbirlarini ko‘zda tutuvchi “Ikki mamlakat – bir chempionat” keng ko‘lamli dasturini amalga oshirish rejalashtirilgan. Bu yoshlar o‘rtasidagi aloqalarni faollashtirish va ikki davlat o‘rtasidagi o‘zaro anglashuvni mustahkamlash imkonini beradi.
Davlat rahbarlarini oliy davlat mukofotlari bilan o‘zaro taqdirlash marosimi alohida ramziy ma’noga ega bo‘ldi. Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyevga “Oliy Darajali Do‘stlik” ordeni, O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevga “Haydar Aliyev” ordeni topshirildi.
Ushbu mukofotlarning topshirilishi har ikki yetakchining do‘stlik, strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini mustahkamlashga qo‘shgan shaxsiy hissasining yuksak e’tirofidir. Ayniqsa, “Haydar Aliyev” ordeni Ozarbayjonni rivojlantirish va uning xalqaro mavqeini mustahkamlashda alohida rol o‘ynagan atoqli davlat arbobi nomi bilan atalishi muhimdir. Prezident Shavkat Mirziyoyev Haydar Aliyevning o‘zbek va ozarbayjon xalqlarini yaqinlashtirishga qo‘shgan hissasini chuqur hurmat bilan qayd etdi.
Tashrifning yana bir muhim natijasi ikki tomonlama hujjatlar to‘plamining imzolanishi bo‘ldi. Ular orasida pensiya ta’minoti, madaniyat va turizm sohalarida hamkorlik to‘g‘risidagi bitimlar, tovar ayirboshlash hajmini 1 milliard dollarga yetkazish dasturi, investitsiyalar va savdo sohasida amaliy harakatlar rejasi, Tashqi ishlar va Adliya vazirliklari o‘rtasidagi hamkorlik dasturlari va boshqa hujjatlar bor.
Shunday qilib, davlat tashrifi natijalari O‘zbekiston–Ozarbayjon munosabatlari bugun chinakam strategik tus olganidan dalolat beradi. Abadiy do‘stlik to‘g‘risidagi shartnomaning imzolanishi tarixiy qadam bo‘lib, erishilgan iqtisodiy, investitsiyaviy, transport, madaniy-gumanitar kelishuvlar ikki mamlakatni yanada yaqinlashtirish uchun mustahkam zamin yaratadi.
Bu jarayonda O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning alohida o‘rni bor. Uning izchil tashqi siyosati tufayli O‘zbekiston xalqaro maydonda o‘z mavqeini mustahkamlamoqda, ishonchli hamkorlar doirasini kengaytirmoqda va milliy iqtisodiyot uchun yangi o‘sish nuqtalarini shakllantirmoqda. Shu bilan birga, Ozarbayjon bilan munosabatlar nafaqat siyosiy muloqot darajasida, balki aniq investitsiya loyihalari, savdoning o‘sishi, gumanitar tashabbuslar va hududlar o‘rtasidagi to‘g‘ridan to‘g‘ri aloqalar orqali ham rivojlanmoqda.
Ishonch bilan aytish mumkinki, O‘zbekiston–Ozarbayjon munosabatlarining bugungi bosqichi ikki davlat rahbarlarining o‘zaro ishonchi va siyosiy irodasi natijasidir. Bunday yondashuv bilan Abadiy do‘stlik to‘g‘risidagi shartnoma nafaqat tarixiy hujjat, balki yangi qo‘shma yutuqlar uchun asos bo‘ladi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi