O‘zbekiston va Malayziya ziyorat turizmi sohasida hamkorlikni kengaytirmoqda
May 15, 2026. 13:55 • 2 daq
• 7
KUALA-LUMPUR, 15-may. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston elchixonasida Malayziyaning Haj va Umra ziyoratlarini tashkil etish bo‘yicha “Tabung Haji” Davlat kengashi tarkibiga kiruvchi “TH Travel” kompaniyasi rahbariyati bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Uchrashuv davomida Malayziya fuqarolari orasida O‘zbekistonning “Umra plyus” turpaketlarini keng targ‘ib qilish, shuningdek, ikki mamlakat sayyohlik kompaniyalari o‘rtasidagi hamkorlik orqali respublikaga ziyoratchilar oqimini oshirish masalalari muhokama qilindi.
Bundan tashqari, O‘zbekistonda turizm sohasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, ziyorat turizmini rivojlantirish hamda xorijiy sayyohlar va ziyoratchilar uchun qulay sharoitlar yaratish borasidagi chora-tadbirlar haqida maʼlumot taqdim etildi.
Muloqot chog‘ida “TH Travel” kompaniyasining Malayziyada ilk bor ijtimoiy tarmoqlarda 4,5 milliondan ortiq obunachiga ega taniqli din arbobi Kozim Elias boshchiligidagi yirik ziyoratchilar guruhini O‘zbekistonga yuborish bo‘yicha reklama kampaniyasini o‘tkazayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi. Safar 2026-yilning ikkinchi yarmiga mo‘ljallangan. Shuningdek, Malayziya tomoni kelgusida bunday tashabbuslarni muntazam amalga oshirishni rejalashtirmoqda.
Kompaniya menejeri Mazli Abdul Malikning so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekistondagi islomiy qadamjolar va sayyohlik obyektlari Malayziya aholisi orasida katta qiziqish uyg‘otmoqda. Xususan, ko‘plab malayziyaliklar yaqinda Toshkentda ochilgan Islom sivilizatsiyasi markazi hamda Samarqanddagi qayta bunyod etilgan Imom al-Buxoriy majmuasini ziyorat qilish istagini bildirmoqda.
“Uzbekistan Airways”, “Batik Air” va “AirAsia” aviakompaniyalari tomonidan Toshkent va Kuala-Lumpur o‘rtasida haftasiga sakkiz marta amalga oshirilayotgan to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaqatnovlar sayyohlar va turoperatorlar uchun qo‘shimcha qulayliklar yaratayotgani taʼkidlandi.
Haj va Umra ziyoratlarini tashkil etish bilan shug‘ullanuvchi Malayziyaning “Tabung Haji” Davlat kengashiga 1963-yilda asos solingan. Bugungi kunda uning mamlakat bo‘ylab 107 ta filiali va 10 mingdan ortiq xizmat ko‘rsatish shoxobchasi mavjud. “TH Travel” kompaniyasi Malayziyada ziyoratchilarni Haj va Umraga jo‘natish bilan shug‘ullanuvchi yetakchi tashkilotlardan biri sanaladi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi




