Logo

Bokudan munosabat: O‘zbekiston–Tojikiston hamkorligi Markaziy Osiyoda barqarorlik va muvozanatni saqlovchi omilga aylanmoqda

Mart 26, 2026. 11:33 • 3 daq

133
Bokudan munosabat: O‘zbekiston–Tojikiston hamkorligi Markaziy Osiyoda barqarorlik va muvozanatni saqlovchi omilga aylanmoqda

BOKU, 26-mart. /“Dunyo” AA/. Ozarbayjonlik siyosatshunos va tahlilchi Ilgar Velizade “Dunyo” AA muxbiriga Tojikiston Prezidentining O‘zbekistonga bugun boshlanangan davlat tashrifi yuzasidan o‘z fikr-mulohazalarini bayon etdi:

– Tojikiston Prezidenti Emomali Rahmonning O‘zbekistonga amalga oshiradigan davlat tashrifi Markaziy Osiyoning ikki muhim davlati o‘rtasidagi keng ko‘lamli hamkorlikning izchil tendensiyasini aks ettiradi. So‘nggi yillarda Dushanbe va Toshkent xavfsizlik, iqtisodiy kooperatsiya va barqaror mintaqaviy rivojlanish masalalariga asoslangan yanada pragmatik va o‘zaro manfaatli hamkorlik modelini izchil barpo etmoqda.

Ikki davlat rahbarlari raisligida Oliy davlatlararo kengash yig‘ilishining o‘tkazilishi tashrifga alohida ahamiyat bag‘ishlaydi. Ushbu format munosabatlarning yangi institusional darajaga o‘tganini rasman tasdiqlaydi. Bu nafaqat joriy kun tartibini muvofiqlashtirish, balki hamkorlikning uzoq muddatli istiqbollarini shakllantirish imkonini beradi. Shu ma’noda, ushbu uchrashuv Tojikiston va O‘zbekiston o‘rtasidagi integratsiya jarayonlarini yanada chuqurlashtirishda muhim bosqich bo‘ladi.

Tashrif tashqi siyosiy muhit sezilarli darajada murakkablashgan sharoitda bo‘lib o‘tmoqda. Eron atrofidagi vaziyatning keskinlashuvi, shuningdek, Pokiston va Afg‘oniston o‘rtasidagi ziddiyatning kuchayishi mintaqaga tutash hududlarda umumiy beqarorlikni oshirmoqda. Bu jarayonlar Markaziy Osiyodagi transport yo‘nalishlari, energetika loyihalari va umumiy xavfsizlik arxitekturasi uchun qo‘shimcha xatarlarni keltirib chiqarishi muqarrar.

Bunday sharoitda Dushanbe va Toshkentning muloqotni davom ettirish va sheriklikni mustahkamlashga bo‘lgan tayyorligi alohida ahamiyat kasb etadi. Bu yerda gap nafaqat ikki tomonlama manfaatlar, balki keng ko‘lamli vazifa – tashqi beqarorlik sharoitida mintaqa barqarorligini saqlab qolish haqida bormoqda. Ikki mamlakatning bu boradagi hamkorligi destabilizatsiya tendensiyalarini jilovlashga qodir bo‘lgan hamda Markaziy Osiyoda uzoq muddatli tinchlik va taraqqiyot poydevorini shakllantiruvchi omil sifatida namoyon bo‘ladi.

O‘z navbatida, mintaqaviy kun tartibi bo‘yicha Dushanbe va Toshkent pozitsiyalarining yaqinlashishi “Markaziy Osiyo + Janubiy Kavkaz” formatining barqarorligini shubhasiz kuchaytiradi. Bu Ozarbayjon orqali o‘tuvchi transport va energetika yo‘nalishlari uchun muhim bo‘lgan mintaqaviy xavflarni kamaytirishga xizmat qiladi.

Bunda O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan izchil amalga oshirilayotgan, mintaqaviy ochiqlik, nizolarni kamaytirish va qo‘shni davlatlar bilan aloqalarni rivojlantirishga asoslangan tashqi siyosiy kurs muhim o‘rin tutadi. Mazkur sharoitda ikki davlatning o‘zaro aloqalari ikki tomonlama kun tartibi doirasidan chiqib, Markaziy Osiyoda muvozanat va barqarorlikni ta’minlovchi omillardan biriga aylanmoqda.

Default Avatar

Material muallifi

Zilola Ahmedova

zilola@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish