Logo

Iqtidorli hamyurtimiz xalqaro maydonda O‘zbekiston sharafini himoya qilmoqda

Mart 26, 2026. 11:57 • 2 daq

7
Iqtidorli hamyurtimiz xalqaro maydonda O‘zbekiston sharafini himoya qilmoqda

LONDON, 26-mart. /“Dunyo” AA/. Hamyurtimiz, xonanda Yasmina Husniddinova Buyuk Britaniyaning nufuzli televizion loyihalaridan biri - “Britain’s Got Talent”da ishtirok etib, milliy madaniyat va san’atimizni xalqaro maydonda munosib namoyish etmoqda, deb xabar qiladi “Dunyo” AA muxbiri.

Yasmina ushbu mashhur shouda ishtirok etayotgan birinchi o‘zbekistonlik bo‘ldi. U o‘z chiqishi davomida yuqori darajadagi vokal mahorati, sahna madaniyati va o‘ziga bo‘lgan ishonchni namoyish etib, hakamlar hay’ati va tomoshabinlarning ijobiy munsabatiga sazovor bo‘ldi.

Yasmina yoshligidan musiqa bilan faol shug‘ullanib, bir qator nufuzli respublika va xalqaro tanlovlar sovrindori hisoblanadi. “Yoshlar ovozi - Bo‘zatov FEST” respublika tanlovi (2024), “Vitebsk-2024” (Belarus) xalqaro bolalar musiqa tanlovi va “Sanremo Junior” (Italiya) xalqaro tanlovlari shular jumlasidandir. Bundan tashqari, u Turkiya, Rossiya, Qirg‘iziston va boshqa mamlakatlarda o‘tkazilgan bir qator festival va tanlovlarda ham g‘olib va Gran-pri sohibi bo‘lgan.

Ta’kidlash joizki, 2007-yildan buyon o‘tkazib kelinayotgan “Britain’s Got Talent” dunyodagi eng reytingli televizion loyihalardan biri hisoblanadi. Ishtirokchilar hakamlar hay’ati qarori va tomoshabinlar ovozi natijalariga ko‘ra baholanadi.

Ko‘rsatuv g‘oliblari nafaqat qimmatbaho sovg‘alar, balki Buyuk Britaniya qirollik oilasi vakillari ishtirokida o‘tkaziladigan nufuzli tadbir – “Royal Variety Performance”da chiqish qilish imkoniyatiga ham ega bo‘ladi.

Yasmina Husniddinovaning ushbu loyihadagi ishtiroki o‘zbek madaniyati va san’atining xalqaro miqyosda tobora ortib borayotgan e’tirofidan dalolat beradi, shuningdek, O‘zbekistonda iqtidorli yoshlarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha izchil davlat siyosatining natijasidir.

Default Avatar

Material muallifi

Xo‘jabek Nematilloxonov

dunyo@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish