Farg‘onaning “Neftchi” klubi Sankt-Peterburgda “Zenit” bilan o‘rtoqlik uchrashuvi o‘tkazdi

Iyul 10, 2026. 21:30 • 2 daq

100
Farg‘onaning “Neftchi” klubi Sankt-Peterburgda “Zenit” bilan o‘rtoqlik uchrashuvi o‘tkazdi
Farg‘onaning “Neftchi” klubi Sankt-Peterburgda “Zenit” bilan o‘rtoqlik uchrashuvi o‘tkazdi

SANKT-PETERBURG, 10-iyul. /“Dunyo” AA/. Farg‘onaning “Neftchi” futbol klubi va Rossiya Premyer-Ligasining amaldagi chempioni “Zenit” jamoalari o‘rtasida o‘rtoqlik uchrashuvi bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Sankt-Peterburgdagi “Gazprom Arena” stadionida o‘tkazilgan o‘yinni 13 ming nafardan ortiq kishi tomosha qildi. O‘yinni hokimiyat vakillari, diplomatik korpus aʼzolari, Rossiyada istiqomat qilayotgan vatandoshlar, o‘zbekistonlik talabalar kuzatib, jamoalarni qo‘llab-quvvatlab turdi.

O‘zbekistonning Sankt-Peterburgdagi Bosh konsulxonasi ko‘magida tashkil etilgan ushbu o‘rtoqlik o‘yini tobora rivojlanib borayotgan o‘zbek futbolini xorijda keng targ‘ib qilish, madaniy-gumanitar aloqalarni mustahkamlash yo‘lida tashkil etildi.

Bosh konsulxona tomonidan ijtimoiy tarmoqlarda olib borilgan tizimli targ‘ibot natijasida stadionga mingga yaqin vatandoshimizni jalb etish va maxsus fan-zona tashkil etishga erishildi. O‘zbekistonlik muxlislar stadionga milliy liboslar, davlat ramzlari bilan tashrif buyurib, o‘yinchilarimizni birdamlik bilan olqishlab turdi. Stadiondagi barcha eʼlon va sharhlar o‘zbek tilida ham namoyish qilingani hamyurtlarimiz uchun yana-da qulay muhit yaratdi.

O‘yin “Zenit” jamoasining g‘alabasi bilan yakunlangan bo‘lsa-da, uchrashuv do‘stlik va o‘zaro hurmat ruhida o‘tdi. O‘zbek futbolchilari tribunalarning davomli olqishlariga sazovor bo‘ldi.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish