Toshkentda Isroillik taniqli neyroxirurg ishtirokida malaka oshirish kurslari o‘tkazildi
Iyul 11, 2026. 11:00 • 2 daq
• 40
TOSHKENT, 11-iyul. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston elchixonasi tashabbusi bilan taniqli isroillik bolalar neyroxirurgi, Gilbert nomidagi Xalqaro neyrofibromatoz markazi direktori, Osiyo–Avstralaziya neyroxirurglar jamiyati (AASNS) prezidenti, professor Shlomi Konstantini O‘zbekistonga tashrif buyurdi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Tashrif dasturi doirasida professor bolalar neyroxirurgiyasining dolzarb yo‘nalishlariga bag‘ishlangan malaka oshirish kursini o‘tkazdi. Mashg‘ulotlar davomida gidrotsefaliya, bosh miya o‘smalari, bosh miya jarohatlari hamda boshqa neyroxirurgik kasalliklarni zamonaviy tashxislash va jarrohlik yo‘li bilan davolashning ilg‘or yondashuvlari muhokama qilindi.
Professor Milliy bolalar tibbiyot markazida o‘zbekistonlik shifokorlar bilan birgalikda bemorlarni ko‘rikdan o‘tkazib, murakkab klinik holatlarni ko‘rib chiqdi va kelgusidagi davolash taktikasi bo‘yicha o‘z tavsiyalarini berdi.
Shlomi Konstantini Toshkent shahrida bo‘lib o‘tgan “Bolalar neyroxirurgiyasi va nevrologiyasi” mavzusidagi xalqaro konferensiyada ishtirok etdi. Anjumanda u zamonaviy bolalar neyroxirurgiyasining eng dolzarb yo‘nalishlariga bag‘ishlangan maʼruzalar bilan ishtirokchilarga murojaat qildi.
Tashrif yakunida professor Milliy bolalar tibbiyot markazining salohiyatini yuqori baholadi hamda O‘zbekiston va Isroilning yetakchi bolalar tibbiyot muassasalari o‘rtasida uzoq muddatli hamkorlikni rivojlantirishga tayyor ekanini bildirdi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi