Logo

Islomobodda Amir Temur tavalludining 690 yilligi nishonlandi

Aprel 11, 2026. 11:03 • 3 daq

146
Islomobodda Amir Temur tavalludining 690 yilligi nishonlandi

ISLOMOBOD, 11-aprel. /“Dunyo” AA/. O‘zbekistonning Pokistondagi elchixonasida buyuk davlat arbobi va sarkarda, ilm-fan, madaniyat va sanʼat homiysi sohibqiron Amir Temur tavalludining 690 yilligiga bag‘ishlangan maʼnaviy-maʼrifiy tadbir o‘tkazildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Unda Pokistonda vaqtincha va doimiy yashayotgan vatandoshlar ishtirok etdi.

Tadbir O‘zbekiston elchisi Alisher To‘xtayevning O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning buyuk davlat arbobi va sarkarda, ilm-fan, madaniyat va sanʼat homiysi sohibqiron Amir Temur tavalludining 690 yilligini keng nishonlash to‘g‘risidagi qarorning mazmun-mohiyati va ahamiyati haqidagi maʼruzasi bilan boshlandi.

Hujjat Amir Temurning shaxsiyati, uning bashariyat tarixi va Turon tamaddunidagi o‘rni hamda temuriylarning boy va betakror merosini chuqur o‘rganish, O‘zbekiston va chet ellarda keng ommalashtirish maqsadida qabul qilingani qayd etildi. “Mazkur qarorning asosiy maqsadi “Ikkinchi Uyg‘onish davrining milliy va umuminsoniy mohiyati, yosh avlodni Yangi O‘zbekiston bunyodkorlari etib tarbiyalash borasidagi ulkan o‘rni va taʼsirini inobatga olib, ushbu yo‘nalishda amalga oshirilayotgan tashkiliy-amaliy, ilmiy va maʼnaviy-maʼrifiy ishlarni yangi sifat bosqichiga ko‘tarish” hisoblanadi”, – dedi O‘zbekiston elchisi.

Taʼkidlanganidek, qarorga muvofiq, joriy yilda Sohibqiron Amir Temur tavalludining 690 yilligi mamlakatimiz va xorijda keng nishonlanmoqda. Maʼruzada, shuningdek, Amir Temur diplomatiyasining o‘ziga xos tomonlari alohida urg‘ulandi.

Tadbirda ishtirok etgan yurtdoshlarimiz ham Amir Temur merosi haqidagi fikrlarini bildirishdi.

Marg‘uba Rizayeva, vatandosh:

– O‘zim ko‘p yillar maktab o‘qituvchi bo‘lganim uchun Sohibqiron Amir Temur haqidagi ko‘p o‘qiganman va bilganlarimizni o‘quvchilarga yetkazganmiz. To‘g‘ri, avvallari Amir Temur va boshqa ulug‘ ajdodlarimiz haqida maktablarda juda kam o‘qitilgan. Bugun esa o‘quvchilar Amir Temur merosini chuqur o‘rganish uchun barcha imkloniyatlarga ega.  Biz ajdodlari Amir Temur yaratgan davlatchilik bilan haqli tarzda faxrlanamiz. Amir Temur iqtisodiy, ijtimoiy, siyosiy va maʼnaviy tamoyillar asnosida qudratli markazlashgan Movarounnahr davlatini yaratdi. Ulkan hududlarni qamrab olgan mazkur saltanat xalqaro savdo-sotiq va Yevropa bilan hamkorlikning jadal rivojlanishiga ham xizmat qilgan. Shuningdek, u ilm-fan va madaniyatga rahnomolik qildi, bunyodkorlik ishlariga katta eʼtibor qaratdi. Amir Temur merosi haqli ravishda o‘zbek xalqining katta boyligi, ularni o‘rganish va kelgusi avlodlarga bezavol yetkazish burchimiz.

Jamila Arifbayeva, vatandosh:

– Pokistonda buyuk Sohibqiron Amir Temur tavalluudining 690 yilligiga bag‘ishlagan tadbirni nishonlayotganimizda juda xursandmiz. Amir Temur nafaqat O‘zbekiston uchun balki Janubiy Osiyo mamlakatlari rivoji uchun katta hissa qo‘shgan. Shu uchun Amir Temur faoliyati xaqlaro miqyosda ham chuqur o‘rganilmoqda. Pokistonda ham Amir Temurga bag‘ishlangan bir qator  tadqiqot ishlari olib borilgan va bir qator kitoblar yozilgan. Biroq, o‘ylashimcha Amir Temurning Pokistonga qilgan yurishlari va bu yerda amlga oshirgan buyondkorlik ishlari to‘liq o‘rganilmagan. Pokistonda ushbu jabhadagi ilmiy-tadqqot ishlarini yana-da jadallashtirish Amir Temur haqida biz bilmagan maʼlumotlarni taqdim etadi, deb o‘ylayman

Shuningdek, so‘zga chiqqanlar buyuk bobokalonimiz Amir Temurning hayoti va faoliyati, Temuriylar davri davlatchiligi, ilm-fani va madaniyati, Amir Temur diplomatiyasi haqida to‘talib o‘tdilar.

Tadbir so‘ngida pokistonda yashayotgan vatandoshlarning farzandlari “Temur tuzuklari”dan parchalar o‘qib berdi.

Default Avatar

Material muallifi

Xo‘jabek Nematilloxonov

dunyo@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish