Logo

“Diplomatic Society”: Amir Temur merosi tashqi siyosat va jahon diplomatiyasida muhim ahamiyatga ega

Aprel 12, 2026. 09:15 • 3 daq

178
“Diplomatic Society”: Amir Temur merosi tashqi siyosat va jahon diplomatiyasida muhim ahamiyatga ega

VENA, 12-aprel. /“Dunyo” AA/. Avstriyaning “Diplomatic Society” nashrida “Islom sivilizatsiyasi markazida Amir Temur merosi: Uchinchi Renessansning intellektual asosi” sarlavhali maqola eʼlon qilindi , deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Maqolada yozilishicha, 2026-yil 9-aprel kuni O‘zbekistonda davlat arbobi, harbiy sarkarda, ilm-fan va madaniyat homiysi hisoblangan Amir Temur tavalludining 690 yilligi keng nishonlangan.

Insoniyat tarixi shuni ko‘rsatadiki, buyuk sivilizatsiyalar intellektual yutuqlar, maʼnaviy qadriyatlar va madaniy merosning uyg‘unligi asosiga quriladi. Markaziy Osiyo azaldan ilm-fan, sanʼat va falsafa markazi bo‘lib, butun dunyoga taʼsir ko‘rsatgan sivilizatsiya asoslarini shakllantirgan.

Bugungi kunda bu salohiyat keng ko‘lamli loyiha ­– O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida mujassam bo‘lib, u nafaqat tarixiy yodgorliklarni asrab-avaylaydi, balki ilm-fan, taʼlim va maʼnaviy rivojlanish uchun jonli maydon vazifasini ham o‘taydi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning mualliflik g‘oyasi asosida tashkil etilgan Islom sivilizatsiyasi markazi maʼnaviy-maʼrifiy qadriyatlar milliy tiklanish va xalqaro hamkorlik uchun poydevor bo‘lib xizmat qilishi mumkinligini yaqqol ko‘rsatib, butun dunyodan tadqiqotchilar, sayyohlar va keng jamoatchilikni jalb qiladi.

Nashrda taʼkidlanishicha, Amir Temur buyuk davlat arbobi, sarkarda va o‘z davrining eng yirik saltanatlaridan birining asoschisi sifatida jahon tarixida alohida o‘rin tutadi. XIV asr oxiri va XV asr boshlari chuqur siyosiy o‘zgarishlar davri bo‘lib, shu asnoda Amir Temur Hindistondan O‘rta Sharqqacha bo‘lgan ulkan hududlarni birlashtirishga, barqaror boshqaruv tizimiga ega bo‘lgan qudratli davlatni yaratishga muvaffaq bo‘ldi.

Uning siyosatida diplomatiya alohida o‘rin tutdi. Amir Temur Yevropa mamlakatlari, jumladan, Fransiya, Angliya va Kastiliya bilan aloqalar o‘rnatgan. 1404-yilda Samarqandga tashrif buyurgan Ispaniya elchisi Rui Gonsales de Klavixo davlatning yuksak darajada tashkil etilganligi, rivojlangan infratuzilmasi va chet el elchilariga ko‘rsatilayotgan hurmatni qayd etgan.

Amir Temur o‘z saltanatining o‘ziga xos huquqiy asosini ham yaratdi. “Temur tuzuklari”ga ko‘ra, davlat to‘rt ustunga tayangan: kengash, maslahat, puxta o‘ylangan reja va qatʼiyat. Ishlarning o‘ndan to‘qqiz qismi maslahat va oqilona tadbir bilan, o‘ndan bir qismi esa qilich bilan hal etilardi. Bu tamoyil diplomatiya va huquqiy yechimlarning harbiy kuchdan ustunligini aks ettirib, boshqaruvda adolat va qatʼiyat muvozanatini taʼkidlaydi.

Materialda qayd etilishicha, Amir Temur vafotidan so‘ng uning vorislari – temuriylar davlat taraqqiyotini davom ettirib, ilm-fan, madaniyat va maorifga alohida eʼtibor qaratdi. Bu davr Yevropa Uyg‘onish davrining rivojlanishini tezlashtirgan intellektual va badiiy hayotning gullab-yashnashiga guvoh bo‘lgani uchun Ikkinchi Sharq Renessansi deb nom oldi.

Temuriylar orasida Mirzo Ulug‘bek alohida o‘rin tutadi. Mirzo Ulug‘bek (1394–1449) – Temuriylar davrining atoqli olimi, astronomi, matematigi va davlat arbobi, Amir Temurning nabirasi. U umrining ko‘p qismini Samarqandda o‘tkazdi, bu shahar uning hukmronligi ostida Sharqning yirik ilmiy markaziga aylandi.

Ulug‘bekning eng katta yutuqlaridan biri XV asrning 20 yillarida Ulug‘bek rasadxonasining qurilishi bo‘ldi. Bu rasadxona o‘sha davrda dunyodagi eng ilg‘orlaridan biri hisoblangan. Bu yerda u olimlar bilan birgalikda mashhur “Ziji Sultoniy” astronomik katalogini tuzdi. Unda 1000 dan ortiq yulduzlarning koordinatalari aniqlangan.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish