“Q8 Press”: Amir Temur nafaqat O‘zbekiston, balki jahon tarixida ham alohida o‘rin egallagan buyuk shaxs hisoblanadi
Aprel 11, 2026. 12:30 • 2 daq
• 129
AL-KUVAYT, 11-aprel. /“Dunyo” AA/. Quvaytdagi nufuzli “Q8 Press” elektron nashrida O‘zbekistonda buyuk sarkarda va davlat arbobi Amir Temur tavalludining 690 yilligi keng nishonlanayotgani haqida maqola eʼlon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Nashrda taʼkidlashicha, ushbu sana munosabati bilan mamlakat bo‘ylab keng ko‘lamli madaniy va maʼrifiy tadbirlar bo‘lib o‘tmoqda. Jumladan, ilmiy anjumanlar, ko‘rgazmalar, maʼnaviy-maʼrifiy uchrashuvlar hamda boshqa turli tadbirlar o‘tkazilib, ularning barchasi Amir Temurning boy merosini chuqur o‘rganish va keng targ‘ib qilishga qaratilgan.
Maqolada yozilishicha, Amir Temur nafaqat O‘zbekiston tarixida, balki jahon sivilizatsiyasi rivojida ham alohida o‘rin egallagan buyuk shaxs hisoblanadi. Uning davlatchilik borasidagi yutuqlari, adolatli boshqaruv tamoyillari hamda harbiy sanʼatdagi yuksak mahorati bugungi kunda ham o‘z ahamiyatini saqlab qolmoqda.
Shuningdek, nashrda Temuriylar davrida ilm-fan, madaniyat va meʼmorchilik sohalarida yuksak taraqqiyot kuzatilgani alohida taʼkidlangan. Ana shu davrda barpo etilgan ko‘plab tarixiy obidalar hozirgi kunga qadar saqlanib, jahon madaniy merosining ajralmas qismi sifatida eʼtirof etilmoqda.
Ushbu yubiley doirasida O‘zbekistonda xalqaro miqyosdagi tadbirlar ham tashkil etilmoqda. Ularda turli davlatlardan kelgan olimlar, tadqiqotchilar va mutaxassislar ishtirok etib, Amir Temur va Temuriylar davri tarixi hamda uning boy merosi yuzasidan fikr almashmoqda.
Shu bilan birga, mazkur tadbirlar yosh avlodni milliy qadriyatlar va tarixiy merosga hurmat ruhida tarbiyalashda muhim ahamiyat kasb etayotgani alohida urg‘u bilan qayd etilgan.
Material yakunda taʼkidlanishicha, Amir Temur tavalludining 690 yilligini nishonlash doirasida amalga oshirilayotgan ushbu keng qamrovli tadbirlar uning beqiyos merosini xalqaro miqyosda yana-da keng targ‘ib qilishga xizmat qiladi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi