O‘zbekiston diplomatlari Kuvaytda ishlayotgan vatandoshlar bilan uchrashdi
Aprel 22, 2026. 13:55 • 2 daq
• 120
AL-KUVAYT, 22-aprel. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston diplomatlari Kuvayt xalqaro aeroportining yangi terminali qurilishida mehnat qilayotgan vatandoshlar bilan uchrashdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Uchrashuv doirasida “Limak İnşaat” kompaniyasining boshqaruv menejeri Soner Demirchi bilan muzokara o‘tkazildi. Suhbat chog‘ida kompaniya vakillari o‘zbekistonliklarning kasbiy mahorati va ishga masʼuliyat bilan yondashishini alohida qayd etib, aynan ularning intizomi tufayli jamoada qulay ish muhiti shakllanganini taʼkidladi.
Maʼlumotlarga ko‘ra, ushbu qurilish loyihasiga O‘zbekistondan 300 nafarga yaqin mutaxassis jalb etilgan. Hozirgi kunga kelib ularning aksariyati mehnat shartnomalarini yakunlab, Vatanga qaytgan. Shuningdek, bugungi kunda 70 nafarga yaqin yurtdoshimiz pardozlash, elektr texnikasi, santexnika ishlari, shisha konstruksiyalarni o‘rnatish va boshqa yo‘nalishlarda faoliyatini davom ettirmoqda.
Uchrashuv davomida vatandoshlarning mehnat va yashash sharoitlari ham o‘rganildi hamda kelib tushgan barcha savol va murojaatlar yuzasidan tushuntirishlar berildi.
Bundan tashqari hamyurtlarimizga mintaqadagi joriy vaziyatni inobatga olgan holda shaxsiy xavfsizlik choralariga qatʼiy rioya qilish, Kuvayt qonunchiligi va belgilangan qoidalarga amal qilish zarurligi yuzasidan konsullik-huquqiy tavsiyalar berildi.
Tadbir yakunida kompaniya rahbariyatiga har ikki tomon manfaatlarini hisobga olgan holda O‘zbekistondan malakali ishchi kuchini tizimli jalb etishni yo‘lga qo‘yish, ushbu yo‘nalishda elchixona bilan yaqin hamkorlikni davom ettirish taklif qilindi. Kuvayt tomoni yangi loyihalarni amalga oshirish jarayonida hamkorlikni yana-da rivojlantirishga tayyor ekanini bildirdi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi