Londonda “Ulug‘ Amir va donna Mariya” filmining ilk katta taqdimoti o‘tkazildi
Aprel 30, 2026. 19:02 • 2 daq
• 77LONDON, 1-may /“Dunyo” AA/. Mamlakatimizning Buyuk Britaniyadagi elchixonasi Kinematografiya agentligi bilan hamkorlikda “Ulug‘ Amir va Donna Mariya” filmining ilk katta taqdimotini o‘tkazdi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri.
O‘zbek kinoijodkorlari tomonidan suratga olingan ushbu badiiy film premyerasi Amir Temur tavalludining 690 yilligi munosabati bilan tashkil etildi.
Premyera Londondagi eng nufuzli va tarixiy kino maskanlaridan biri – “Regent Street Cinema” kinoteatrida namoyish etildi. 1848-yilda tashkil etilgan “Regent Street Cinema” tarixiy kinozal bo‘lib, dunyodagi eng qadimgi kinoteatrlardan biri hisoblanadi.
Kinoteatrda Buyuk Britaniyada ilk harakatlanuvchi tasvirlar (film) birinchi bor namoyish etilgan. Bugungi kunda bu maskan nafaqat kino namoyishlari, balki madaniy va tarixiy tadbirlar uchun ham muhim markaz vazifasini bajaradi.
Kino namoyishida Britaniyaning turli vazirlik va idoralari masʼullari, mamlakatdagi diplomatik korpus vakillari, ilmiy-akademik doiralar, ekspert-tahlilchilar, sanʼatshunoslar, “El-yurt umidi” jamg‘armasi stipendiatlari va vatandoshlar qatnashdi.
Taqdimotda kino ijodkorlari filmning yaratilishi, uning tarixiy voqealari, g‘oyaviy mazmuni, Amir Temurning Yevropa mamlakatlari bilan diplomatik aloqalari, adolat va insonparvarlik g‘oyalari haqida maʼlumot berdi.
Premyera O‘zbekiston kinosanʼatini xalqaro maydonda targ‘ib etish va milliy merosni dunyoga tanitishda muhim ahamiyat kasb etgani eʼtirof etildi.
Xorijlik ekspertlar O‘zbekistonda barcha sohalarda olib borilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, jumladan madaniyat va sanʼatni rivojlantirish, o‘zbek tilining nufuzini yana-da oshirish, ulug‘ ajdodlarning ilmiy-ijodiy merosini o‘rganish va ularni xalqaro hamjamiyatga tanitish yo‘nalishlarida amalga oshirilayotgan saʼy-harakatlarni yuksak baholadi.
“Ulug‘ Amir va Donna Mariya” filmi ssenariy muallifi – taniqli yozuvchi Xayriddin Sultonov, rejissyori – Yolqin To‘ychiyev, bosh rol ijrochisi – aktrisa Jessika Mey (Donna Mariya).
Film premyerasi londonliklarda katta taassurot qoldirdi. Ular bunday kinokartina taqdimotlari tez-tez o‘tkazilishini alohida taʼkidladi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi


