Markaziy Osiyoda murosaga erishish bo‘yicha shakllangan qo‘shma tajriba global miqyosda preventiv diplomatiyaning hayotiy va samarali modeli sifatida g‘oyat katta ahamiyat kasb etmoqda
May 25, 2026. 14:25 • 7 daq
• 24
TOSHKENT, 25-may. /“Dunyo” AA/. BMT Bosh Assambleyasi Qirg‘iziston, Tojikiston va O‘zbekiston tomonidan taqdim etilgan hamda 40 ta davlat hammuallif bo‘lgan “Chegara nizolarini tinch yo‘l bilan hal etish” to‘g‘risidagi rezolyutsiyasini ovoz berishsiz, konsensus asosida maʼqulladi. O‘zbekiston Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti direktorining birinchi o‘rinbosari Akromjon Neʼmatov qabul qilingan hujjatning ahamiyatini “Dunyo” AA muxbiriga mintaqamizning xalqaro maydondagi nufuziga taʼsir etish nuqtai nazaridan izohlab berdi.
— Bu haqiqatan ham Markaziy Osiyo uchun ham, butun zamonaviy xalqaro amaliyot uchun ham fundamental ahamiyatga ega bo‘lgan tarixiy voqeadir. Rezolyutsiyaning rasman ovoz bermasdan, bir ovozdan qabul qilingani jahon hamjamiyatining mintaqamizga bo‘lgan so‘zsiz qo‘llab-quvvatlashi va yuksak ishonchidan dalolat beradi. Shuni alohida taʼkidlamoqchimanki, o‘nlab davlatlar hujjatning hammualliflari bo‘lishdi, biroq Qirg‘iziston, Tojikiston va O‘zbekiston birdamlik va teng huquqlilik asosida asosiy tashabbuskorlar bo‘lishdi.
Mazkur hujjat bugungi kunda global kun tartibidagi eng murakkab va dolzarb masalalardan biri — davlat chegaralarini tinch yo‘l bilan belgilash hamda huquqiy jihatdan rasmiylashtirish mavzusiga bag‘ishlangan. Sayyoramizda geosiyosiy ziddiyatlar kuchayib, o‘zaro ishonch pasayayotgan va nizolarni hal etishda kuch ishlatish usullariga qaytish xavfi ortib borayotgan bir sharoitda, Markaziy Osiyo davlatlari yuksak siyosiy yetuklik va masʼuliyat namunasini namoyon etdi.
Biz SSSR parchalanganidan beri ochiq qolgan ziddiyatlarning eng murakkab tugunlarini yechishning yagona samarali usuli to‘g‘ridan-to‘g‘ri, xolis va samimiy muloqot ekanligini butun dunyoga amalda isbotladik. Markaziy Osiyo “yashirin xavf-xatarlar va chegara mojarolari zonasi” degan eski stereotip qiyofasidan butunlay uzoqlashmoqda. Bugungi kunda mintaqamiz xalqaro siyosatning yetuk va mustaqil subyekti sifatida maydonga chiqmoqda, u o‘z kuchi bilan umumiy makonda barqarorlikni taʼminlashga va global miqyosda talab yuqori bo‘lgan namunali tinchlik amaliyotlarini shakllantirishga qodir.
— Ushbu tashabbusni BMT darajasiga olib chiqish jiddiy qadamdir. U tashabbuskor davlatlar uchun qanday strategik va huquqiy oqibatlarni keltirib chiqaradi?
— Markaziy Osiyo masalasining BMTning universal maydoniga olib chiqilishi, biz erishgan natijalarni mustahkamlab, mintaqaviy yaqinlashuv jarayonlariga barqaror va ortga qaytmas tus berishi bilan ahamiyatlidir.
Ushbu qadamlarni xalqaro huquqiy maydonda qayd etish orqali mintaqa davlatlari yaxshi qo‘shnichilik yo‘lidan borish bo‘yicha o‘zaro majburiyatlarini ochiq tasdiqlamoqda. Bu esa barcha tomonlar zimmasiga jahon hamjamiyati oldida yuksak masʼuliyat yuklaydi. Shunday qilib, barqarorlikning mustahkam siyosiy-huquqiy kafolatlari yaratiladi va kelgusida kelishuvlarni qayta ko‘rib chiqish xavfi keskin kamayadi.
Mazkur yutuqqa Markaziy Osiyoning barcha davlatlari rahbarlarining qatʼiy siyosiy irodasi va uzoqni ko‘ra bilishi hamda xalqlarimiz barqarorligi va farovonligining uzoq muddatli manfaatlarini joriy kelishmovchiliklardan ustun qo‘ya olgani tufayli erishildi. Ushbu jarayonning kelib chiqish ildizlarini tahlil qiladigan bo‘lsak, bunda Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan 2017-yilda eʼlon qilingan O‘zbekistonning ochiq va pragmatik tashqi siyosati muhim rol o‘ynadi. Bu strategiya boshidanoq Markaziy Osiyoni ishonch makoniga aylantirishga qaratilgan edi.
Muhimi, ushbu yondashuv yuqoridan turib kimningdir doktrinasi sifatida singdirilmadi, aksincha, qo‘shni davlatlarimiz tomonidan samimiy va amaliy qo‘llab-quvvatlandi. Bugungi muvaffaqiyat, eng avvalo, umumiy saʼy-harakatlar hamda inklyuziv mintaqaviy sinergiyaning natijasidir. Toshkent tomonidan ilgari surilgan tashabbuslar Bishkek va Dushanbe tomonidan qo‘llab-quvvatlanib, mazmunan boyitildi hamda birgalikda amalga oshirildi. Uch davlat yetakchilari tomonidan davlat chegaralari tutashgan nuqta to‘g‘risidagi bitimning imzolanishi va “Do‘stlik stelasi”ning ochilishi har bir tomonning hissasi birdek qadrlangan ushbu keng ko‘lamli hamkorlikning mantiqiy yakuni bo‘ldi.
— Akramjon Ilhomovich, yetakchilarning siyosiy irodasi kuchli turtki berdi, lekin tinchlik amalda ham mustahkam bo‘lishi kerak. Mintaqa oldida qanday iqtisodiy istiqbollar ochilmoqda va chegaralarda xavfsizlikni taʼminlash modelining o‘zi qanday o‘zgarmoqda?
— Bugun biz mintaqaviy xavfsizlikka yondashuvlarda konseptual o‘zgarishni kuzatmoqdamiz: chegara hududlaridagi qatʼiy cheklovlar, to‘siqlar va devorlarga asoslangan eski paradigma o‘rnini qo‘shma iqtisodiy taraqqiyot hamda chuqur o‘zaro bog‘liqlikni shakllantirish orqali xavfsizlikni taʼminlashning zamonaviy modeli egallamoqda. Endilikda mintaqada xavfsizlik ajratuvchi to‘siqlarning balandligi bilan emas, balki qo‘shma loyihalarning chuqurligi va ko‘lami bilan o‘lchanmoqda.
Chegaralarda birin-ketin 24 soat ishlaydigan yangi nazorat-o‘tkazish punktlari ochilmoqda, bu esa odamlarning harakatlanishini bir necha barobar osonlashtirdi va turizmning ulkan yuksalishiga sabab bo‘ldi. Bugungi kunda O‘zbekistonga tashrif buyurayotgan barcha sayyohlarning 60 foizdan ortig‘i, yaʼni yiliga 7 millionga yaqin sayyoh aynan qo‘shni davlatlar hissasiga to‘g‘ri kelmoqda.
Barqarorlikning iqtisodiy tayanchi sifatida yirik qo‘shma infratuzilmaviy loyihalarga o‘tayotganimiz alohida ahamiyat kasb etmoqda. Chegaraoldi hududlarida savdo-sanoat zonalari va logistika markazlari barpo etilmoqda. Bunga “Do‘stlik” xalqaro savdo-iqtisodiy parki yorqin misol bo‘la oladi. Bundan tashqari, biz birgalikda strategik ahamiyatga ega “Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston” temir yo‘lini qurmoqdamiz, shuningdek, Qambarota GES - 1 va Yovon GES kabi yirik gidroelektr stansiyalarini barpo etish loyihalarini amalga oshirmoqdamiz. Yaqin-yaqingacha uzoq va deyarli amalga oshmaydigandek tuyulgan rejalar bugun umumiy saʼy-harakatlarimiz tufayli ro‘yobga chiqmoqda.
Bularning barchasi ulkan istiqbollarni ochmoqda. Markaziy Osiyo yagona, yaxlit va barqaror makromintaqaga aylanmoqda. Bugungi kunda mintaqa aholisi qariyb 85 million kishini tashkil etadi. Tariximizda bunday demografik ko‘lam hali kuzatilmagan. Eng muhimi esa – bu aholining mutlaq, deyarli yuz foizlik savodxonligidir. Bilimli, malakali intellektual salohiyatning bunday salmoqli qatlami mintaqani yuqori texnologiyalar va yirik sarmoyalarni jalb etish hamda Markaziy Osiyoni butun Yevrosiyoning asosiy tranzit va sanoat markaziga aylantirish uchun qudratli manbaga aylantiradi.
— Bu murakkab jarayon izchil rivojlanishi uchun oliy darajadagi kelishuvlar jamiyat tomonidan qo‘llab-quvvatlanishi kerak. Bunda xalq diplomatiyasi institutlari va hududlardagi muloqot platformalari qanday rol o‘ynaydi?
- Siz mutlaqo haqsiz: davlatlararo bitimlar rivojlangan ijtimoiy bazaga ega bo‘lgan va fuqarolik jamiyati darajasida ildiz otgan taqdirdagina hayotiy bo‘ladi. Qarang, bugun xalq diplomatiyasi yo‘lidagi muloqot qanchalik faol rivojlanmoqda: fuqarolik jamiyati, mamlakatlarimiz yetakchi ayollarining muntazam forumlari o‘tkazilmoqda, ijodkor va ilmiy ziyolilarning keng ko‘lamli uchrashuvlari o‘tkazilmoqda, samimiy insoniy aloqalar tiklanmoqda.
Bu arxitekturada ekspertlar hamjamiyati katta rol o‘ynaydi. Aynan shu maqsadda yangi inklyuziv muloqot maydonlari yaratilmoqda, ularning eng muhimlaridan biri Farg‘ona tinchlik forumi bo‘lib, biz uni qo‘shnilarimiz bilan yaqin hamkorlikda faol rivojlantirmoqdamiz. Ishonchimiz komilki, Farg‘ona forumi Farg‘ona vodiysida doimiy faoliyat yurituvchi hamkorlik platformasiga aylanishi kerak. Bu O‘zbekiston, Qirg‘iziston va Tojikiston tahlilchilari, davlat organlari vakillari, tadbirkorlar va mahalliy jamoalar to‘g‘ridan-to‘g‘ri, shaffof muloqot olib boradigan makondir. Bu yerda murakkab transchegaraviy muammolar - suvdan birgalikda foydalanish, ekologiya, iqlim o‘zgarishi va chegara hududlarini rivojlantirish masalalariga muvofiqlashtirilgan yondashuvlar ishlab chiqilmoqda. Bu esa ehtimoliy ziddiyat nuqtalarini amaliy hamkorlik maydoniga o‘tkazish imkonini bermoqda.
Albatta, yoshlar bilan tizimli ishlash alohida strategik o‘rin tutadi, chunki aynan yangi avlod bugungi kunda shakllanayotgan ziddiyatsiz makonni saqlab qolishi va rivojlantirishi kerak. Farg‘ona tinchlik forumi mantiqiy davomi sifatida iyun oyida "Yoshlar oyligi" doirasida Farg‘onada BMT va YEXHT shafeligida tinchlik o‘rnatish bo‘yicha keng ko‘lamli xalqaro yoshlar seminarini o‘tkazishni rejalashtirganmiz.
Ushbu uch kunlik tadbirda butun Markaziy Osiyodan faol yoshlar ishtirok etadi, ammo biz asosiy eʼtiborni uch mamlakatimizning chegaraoldi hududlaridagi yoshlarga qaratmoqdamiz. Bizning vazifamiz - hududlarda yoshlar o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlash, ularni o‘zaro til topishga o‘rgatish, birgalikda loyihalarni amalga oshirish va tinch muloqot madaniyatining davomiyligini chuqur qo‘llab-quvvatlashdan iborat.
Xulosa qilib aytganda, ushbu rezolyutsiyani qabul qilish orqali dunyo Markaziy Osiyoda murosaga kelish bo‘yicha birgalikdagi tajriba global miqyosda o‘rganish va kengaytirish mumkin va zarur bo‘lgan preventiv diplomatiyaning hayotiy va samarali modeli sifatida yuksak ahamiyatga ega ekanini tan oldi. Mintaqamiz barqarorlikni mustaqil ravishda yaratish va umumiy farovon kelajak uchun birgalikda masʼuliyatni o‘z zimmasiga olish qobiliyatini amalda isbotladi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi
Mavzuga oid

Namangan bir oy davomida jami 29 million 406 ming 384 dona gul ekishga muvaffaq bo‘ldi

Manuel Fik: AQSH va O‘zbekiston hamkorligida ishchilar uchun qishloq xo‘jaligi sohasida yangi imkoniyatlar ochilmoqda


