Buyuk Britaniyaning nufuzli universiteti bilan muhim kelishuvlarga erishildi

May 25, 2026. 12:55 • 2 daq

10
Buyuk Britaniyaning nufuzli universiteti bilan muhim kelishuvlarga erishildi

LONDON, 25-may. /“Dunyo” AA/. Toshkentdagi Renessans taʼlim universiteti rahbariyati amaliy tashrif bilan Londonda bo‘ldi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Tashrif doirasida Grinvich universiteti (University of Greenwich) bilan hamkorlikni rivojlantirishga bag‘ishlangan qator uchrashuvlar o‘tkazildi.

Grinvich universitetiga 1890-yilda asos solingan. Ayni paytda unda 30 mingga yaqin talaba tahsil oladi. Joriy yilgi xalqaro reytinglarga ko‘ra, universitet “THE” reytingida 601–800, “QS” reytingida esa 691–700-o‘rinlarni egallab turibdi.

Muzokaralar davomida tomonlar beshta yo‘nalish – xalqaro munosabatlar, iqtisodiyot, kompyuter muhandisligi, sunʼiy intellekt hamda ingliz tili va TESOL (boshqa tilda so‘zlashuvchilarga ingliz tili o‘qitish) bo‘yicha qo‘shma taʼlim dasturlarini yo‘lga qo‘yishga kelishib oldi.

Bundan tashqari, joriy yildan boshlab Renessans taʼlim universitetining 25 nafar talabasi Grinvich universitetida malaka oshirish kurslarida o‘qiydi. Shu bilan birga universitetning 10 nafar talabasiga Grinvich universitetida o‘qishni davom ettirishi uchun to‘liq grantlar ajratish bo‘yicha dastlabki kelishuvga erishildi.

Uchrashuv yakunida tomonlar hamkorlikni yana-da mustahkamlash, amaliy natijalarga yo‘naltirilgan qo‘shma loyihalarni amalga oshirish hamda kelgusida muntazam muloqotni qo‘llab-quvvatlash borasida fikr-mulohaza almashdi.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish