Berlinda Markaziy Osiyo madaniyati kunlari bo‘lib o‘tdi
Aprel 03, 2026. 08:10 • 2 daq
• 96
BERLIN, 3-aprel. /“Dunyo” AA/. Berlinning Tempelxof-Shyoneberg okrugida Markaziy Osiyo davlatlarining Germaniyadagi elchixonalari va “Cultur-Cooperation e.V.” madaniy tashkiloti hamkorligida madaniyat va sanʼat kunlari o‘tkazildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA.
Navro‘z arafasida tashkil etilgan tadbirda Germaniyaning rasmiy va ishbilarmon doiralari, Berlinda akkreditatsiyadan o‘tgan diplomatik korpus, jamoatchilik va vatandoshlar hamda jurnalistlar ishtirok etdi.
O‘zbekiston, Qirg‘iziston, Qozog‘iston va Tojikiston elchilari bilan bir qatorda Germaniya Tashqi ishlar vazirligi va Tempelxof-Shyoneberg tumani vakillari ham so‘zga chiqib, umumiy qadriyatlar va anʼanalar xalqlarni bir-biriga yaqinlashtirishini taʼkidladi.
Milliy uslubda bezatilgan O‘zbekiston stendi, bayramona liboslar, atlas va adras matolar, hunarmandchilik buyumlari, madaniy dasturlar va turistik maʼlumotlar mehmonlarda katta taassurot qoldirdi. “Xalqlar do‘stligi” saroyi ansamblining kuy-qo‘shiq va raqslari barchaga xushkayfiyat baxsh etdi. Bahoriy taomlar – somsa va palov ishtirokchilarga maʼqul bo‘ldi.
Tadbirda qo‘shni davlatlardan tashrif buyurgan sanʼatkorlar jamoalari ham konsert dasturlari taqdim etishdi. Mintaqaviy milliy udumlarga bag‘ishlangan viktorina o‘tkazildi va g‘oliblarga esdalik sovg‘alar topshirildi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi