Buyuk Britaniyada Navoiy asarlari ingliz tilida nashr etildi
Fevral 10, 2026. 17:51 • 1 daq
• 75LONDON, 10-fevral. /“Dunyo” AA/. Mamlakatimizning Londondagi elchixonasida buyuk shoir va mutafakkir Alisher Navoiy tavalludining 585 yilligiga bag‘ishlangan madaniy tadbir hamda shoir asarlarining ingliz tiliga tarjima qilingan uchta to‘plamning taqdimoti bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Tadbir Navoiy ijodiy merosini xalqaro miqyosda targ‘ib qilish, O‘zbekiston va Buyuk Britaniya o‘rtasidagi madaniy va adabiy aloqalarni yanada mustahkamlash maqsadida tashkil etildi.
Unda Buyuk Britaniyaning ilmiy, akademik, ekspert, badiiy va jamoatchilik doiralaridan yuzdan ortiq kishi, ushbu mamlakatda istiqomat qilayotgan vatandoshlarimiz va “El-yurt umidi” jamg‘armasi stipendiatlari ishtirok etdi.
Ishtirokchilarga mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, O‘zbekiston va Buyuk Britaniya o‘rtasidagi munosabatlar, hamkorlikning bugungi holati va istiqbollari, madaniyat va sanʼatni rivojlantirish, jumladan, o‘zbek tili, madaniyati, ajdodlarning ilmiy va ijodiy merosini o‘rganish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar haqida maʼlumot berildi.
Tarjimalar muallifi, taniqli britaniyalik shoir Endryu Staniland o‘z nutqida tarjima jarayoni, Navoiy sheʼriyatining o‘ziga xos uslubiy va semantik jihatlari, inglizzabon kitobxonlarni ushbu asarlar bilan tanishtirish maqsadlari haqida so‘z yuritdi.
Tadbir davomida Alisher Navoiyning jahon adabiyotida tutgan o‘rni, boy maʼnaviy va falsafiy merosining ahamiyati, Navoiy ijodini xalqaro miqyosda targ‘ib qilishda uning asarlarini ingliz tiliga tarjima qilishning ahamiyati taʼkidlandi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi




