Karachi shahrida vatandoshlar ishtirokida O‘zbekiston Konstitutsiyasi qabul qilingan kun keng nishonlandi
Dekabr 08, 2025. 12:51 • 4 daq
• 385
KARACHI, 8-dekabr. /“Dunyo” AA/. Mamlakatimiz elchixonasi tomonidan Pokistonning Karachi shahrida 8-dekabr - O‘zbekiston Konstitutsiyasi qabul qilingan kun munosabati bilan madaniy-maʼrifiy tadbir o‘tkazildi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Unda Karachi shahri va unga tutash hududlarda yashayotgan vatandoshlar ishtirok etdi.
Tadbirni O‘zbekiston elchisi Alisher To‘xtayev qutlov nutqi bilan ochib berdi va ishtirokchilarni Bosh qomusimiz qabul qilinganining 33 yilligi bilan tabrikladi.
Diplomatik vakolatxona rahbari o‘z nutqida, Bosh qomusimizning qabul qilinish tarixi, 2023-yildagi referendum orqali O‘zbekiston Konstitutsiyasiga kiritilgan o‘zgarishlar va ularning mazmun-mohiyati haqida to‘xtalib o‘tdi.Konstitutsiya – davlatchiligimizning huquqiy asosini tashkil etishi, mamlakatimizda har bir fuqaroning huquq va erkinliklarini kafolatlovchi asosiy hujjat ekanligi taʼkidlandi.
– Yangi tahrirdagi Konstitutsiya – Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasi doirasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarning siyosiy-huquqiy asoslarini yaratdi, – dedi elchi. – Bosh qomusimizda davlat va jamiyat qurilishini yana-da rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlari belgilangani amalda mamlakatimiz rivojida muhim o‘rin tutmoqda. Shuningdek, Konstitutsiyamizda davlat qurilishining yangi strategik maqsadi –ijtimoiy davlat barpo etish ekanligi belgilab qo‘yildi. Ijtimoiy adolat va birdamlik prinsiplari, inson huquq va erkinliklarini himoya qilishning mutlaqo yangi mexanizmlarini nazarda tutuvchi konstitutsiyaviy asoslar kengaytirildi. Eng muhimi, vatandoshlar bilan aloqalarni yana-da mustahkamlash, xususan, ular dunyoning qaysi nuqtasida bo‘lishidan qatʼiy nazar davlat tomonidan himoya qilinishiga doir band yana-da mustahkamlandi.
O‘zbekiston-Pokiston munosabatlarining holati va istiqbollari to‘g‘risida alohida to‘xtalib o‘tildi. Savdo-iqtisodiy, turizm sohasidagi aloqalarni rivojlantirishga doir saʼi-harakatlar, xususan, Toshkent-Islomobod, Toshkent-Lahor yo‘nalishida haftasiga to‘rt marotaba havo qatnovlari yo‘lga qo‘yilgani, sayyohlar almashinuvini oshirish maqsadida viza tartiblari soddalashtirilgani taʼkidlandi. Mazkur imkoniyatlar samarasi 20 mingdan ortiq pokistonliklar iqtisodiy hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, investitsiyaviy loyihalarda ishtirok etish, ishlash
va sayohat qilish maqsadida O‘zbekistonga tashrif buyurdi.
Anjumanda, so‘zga chiqqan vatandoshlar ham O‘zbekiston Konstitutsiyasida siyosiy, ijtimoiy-iqtisodiy, madaniy-maʼnaviy hayotimizning turli sohalarida olib borilayotgan islohotlarni izchil davom ettirish bo‘yicha strategik maqsadlar o‘z ifodasini topganini aytib o‘tdilar.
Suxrob Karimov:
– Barcha vatandoshlarimizni 8-dekabr – O‘zbekiston Konstitutsiyasi kuni bilan samimiy tabriklayman. 2023-yil 30-aprelda bo‘lib o‘tgan Konstitutsiyaga o‘zgartirishlar kiritish bo‘yicha referendumda faol ishtirok etib, o‘z tanlovimizni amalga oshirgandik. Oradan ko‘p o‘tmasdan yangilangan Bosh qomusimizga kiritilgan o‘zgarishlar nafaqat O‘zbekistondagi, balki xorijda yashayotgan vatandoshlar hayotida ham o‘z aksini topdi. Biz davlatimiz Rahbari tomonidan olib borilayotgan Yangi O‘zbekistonni barpo etishga qaratilgan izchil va ortga qaytmas islohotlarni qo‘llab-quvvatlaymiz.
Albina Murtaza:
– Yangi O‘zbekistonning yangilangan Konstitutsiyasi tom maʼnoda davlatimiz Rahbarining “Inson qadri uchun”, “Xalq davlat idoralariga emas, davlat tashkilotlari xalqqa xizmat qilishi zarur” g‘oyalarini o‘zida mujassam qilgan. Yurtimizda inson kapitalini eng muhim manba sifatida ko‘radigan va muvofiq ravishda inson qadr-qimmatiga ustuvorlik beradigan islohotlar siyosati jadallik bilan davom etmoqda. Yangi O‘zbekiston islohotlar bosqichida puxta, qatʼiy va muvaffaqiyatli amalga oshirilmoqda. Xorijdagi vatandoshlarga bo‘lgan munosabat ham o‘zgardi, davlatimiz himoyasida ekanimizni yana-da teranroq his qilayapmiz. Shuningdek, yangilangan Bosh qomusimizda xotin-qizlarning taʼlim olishi va ish bilan taʼminlanishi, jamiyat hayoti va davlat boshqaruvida faol ishtirok etishi uchun huquqiy asoslar yana-da mustahkamlandi.
Fursatdan foydalanib, yurtdoshlarimizni Konstitutsiyamiz qabul qilinganining 33 yilligi bilan samimiy muborakbod etamiz.
Bonu Ali:
– Karachi shahrida O‘zbekiston Konstitutsiyasi qabul qilingan kun munosabati bilan tashkil etilgan tadbirda ishtirok etayotganimdan xursandman. Konstitutsiya har bir davlat taraqqiyotining poydevori bo‘lgan huquqiy va siyosiy hujjat – mamlakatning Asosiy qonuni hisoblanadi. Maʼlumki, O‘zbekistonda 2023-yil 30-aprel kuni o‘tkazilgan referendumda umumxalq ovoz berish orqali yangi tahrirdagi O‘zbekiston Konstitutsiyasi qabul qilingan edi. Bosh qomusimizga kiritilgan o‘zgarishlarda huquqiy jamiyat barpo etish va xorijdagi vatandoshlar manfaatlari ham inobatga olinganligini eʼtirof etish kerak. Yangi tahrirdagi O‘zbekiston Konstitutsiyasining 23-moddasida mustahkamlangan mazkur qoida O‘zbekistonning har bir fuqarosi, xususan xorijdagi vatandoshlar zimmasiga ham masʼuliyat yuklaydi.
Yurtdoshlarimizni, shu jumladan xorijdagi vatandoshlarimizni O‘zbekiston Konstitutsiyasi kuni bilan tabriklayman.
Uchrashuv yakunida hamyurtlarimiz o‘zlarini qiziqtirgan konsullik-huquqiy masalalarga doir savollariga diplomatlardan batafsil javob oldilar.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi