Logo

“Haslemere Herald” gazetasi: O‘zbekiston Sharq va G‘arbni bog‘lovchi Buyuk Ipak yo‘lining markazi

Aprel 07, 2026. 10:50 • 2 daq

6
“Haslemere Herald” gazetasi: O‘zbekiston Sharq va G‘arbni bog‘lovchi Buyuk Ipak yo‘lining markazi

LONDON, 7-aprel. /“Dunyo” AA/. Britaniyaning nufuzli “Haslemere Herald” gazetasida yozuvchi va sayyoh Kris Aslanning O‘zbekistonga bag‘ishlangan maqolasi eʼlon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Maqolada O‘zbekiston Sharq va G‘arbni bog‘lovchi Buyuk Ipak yo‘lining markazi sifatida taʼriflanib, mamlakatdagi tarixiy shaharlari bo‘ylab qilgan sayohati haqida hikoya qiladi. Muallif o‘z hikoyasini Toshkent shahridan boshlab, poytaxtning zamonaviy va tarixiy qiyofasi, xususan, Sohibqiron Amir Temur haykali hamda o‘ziga xos bezaklari bilan ajralib turuvchi Toshkent metropoliteni haqida batafsil maʼlumot bergan.

Materialda “Chorsu” bozori Markaziy Osiyodagi eng gavjum va koloritli maskanlardan biri ekani, Toshkentda barpo etilgan Islom sivilizatsiyasi markazi esa ziyorat turizmining yangi o‘chog‘iga aylanayotgani alohida qayd etilgan.

Kris Aslan Samarqandni taʼriflar ekan, Registon maydonidagi meʼmoriy ansambl Temuriylar davri arxitekturasining eng yorqin namunasi ekanini taʼkidlaydi. Maqolada Go‘ri Amir maqbarasi va Mirzo Ulug‘bek davridagi ilm-fan yutuqlari bilan bir qatorda, shaharning ipak matolar, zardo‘zlik va kulolchilik kabi anʼanaviy hunarmandchilik maktablariga yuksak baho berilgan.

Buxoro va Xiva shaharlari ham nashr diqqat markazida bo‘ldi. Buxoro “Zardo‘zlik” sanʼati va yaxshi saqlanib qolgan tarixiy markazi bilan tilga olingan bo‘lsa, Xiva ­– “Ichan-qalʼa” majmuasi va betakror “Kalta minor” minorasi orqali qadimiy shahar sifatida tasvirlangan.

Britaniyalik ekspertning xulosasiga ko‘ra, O‘zbekistonning ushbu tarixiy shaharlari arxitektura va hunarmandchilik anʼanalari orqali Buyuk ipak yo‘lining boy merosini bugungi kungacha asrab-avaylab kelayotgan noyob xazina hisoblanadi.

Default Avatar

Material muallifi

Zilola Ahmedova

zilola@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish