Logo

Tojikistonda Navoiy tavalludining 585 yilligi tantanali nishonlandi

Fevral 13, 2026. 14:52 • 2 daq

468
Tojikistonda Navoiy tavalludining 585 yilligi tantanali nishonlandi

BOXTAR, 15 fevral. /“Dunyo” AA/. Tojikistonning Boxtar shahrida buyuk mutafakkir va shoir Alisher Navoiy tavalludining 585 yilligiga bag‘ishlab tantanali bayram tadbiri tashkil etildi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Tadbirda davlat idoralari vakillari, O‘zbekiston hamda Tojikiston yozuvchilari uyushmasi aʼzolari, xonanda va sozandalar, jamoatchilik vakillari, o‘qituvchi va talabalar ishtirok etdi.

Mamlakatimizning Tojikistondagi elchisi Ergash Shaismatov, “Vatandoshlar” jamoat jamg‘armasi raisi Odiljon Sattorov, Boxtar shahri raisi o‘rinbosari Nargiz Qurbonzoda boshqalar Alisher Navoiy ijodiy faoliyati xususida batafsil so‘z yuritdi.

Ishtirokchilar buyuk shoirning boy adabiy merosi, uning turkiy til va adabiyot rivojiga qo‘shgan beqiyos hissasi haqida alohida to‘xtalib o‘tdi. Alisher Navoiyning nafaqat o‘zbek adabiyoti, balki butun turkiy va fors-tojik madaniyati taraqqiyotida tutgan o‘rni alohida taʼkidlandi. Uning insonparvarlik, adolat, maʼrifat va komil inson g‘oyalari bugungi kunda ham o‘z ahamiyatini yo‘qotmagani qayd etildi.

Bayram tadbiri doirasida maktab o‘quvchilari va yosh ijodkorlar tomonidan Navoiy g‘azal va ruboiylaridan namunalar o‘qildi. Milliy kuy qo‘shiqlar tadbirga yanada fayz va ko‘tarinki kayfiyat bag‘ishladi.

Uchrashuvda ikki qardosh xalq — o‘zbek va tojik xalqlari o‘rtasidagi tarixiy va madaniy aloqalar, adabiy hamkorlik anʼanalari haqida ham so‘z yuritildi. Navoiy va Jomiy kabi buyuk allomalar merosi xalqlarimiz o‘rtasidagi do‘stlik va o‘zaro hurmat rishtalarini mustahkamlashda muhim maʼnaviy poydevor bo‘lib xizmat qilishi taʼkidlab o‘tildi.

Tadbir so‘ngida kitob ixlosmandlariga Navoiy asarlaridan namunalar va boshqa turdagi o‘zbek adabiyoti namunalari tuhfa etildi.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish